“World cleanup day”: respublikamiz bir kunda 38 tonna chiqindidan tozalandi
“Butun Jahon tozalik kuni” (“World cleanup day”) munosabati bilan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan respublika bo‘ylab “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ommaviy plogging eko-aksiyasi tashkil etildi.
Qayd etish lozimki, mazkur tadbir 2018-yildan beri sayyoramizni ommaviy tarzda chiqindilardan tozalash maqsadida o‘tkazilib kelinadi. Unda 211 ta davlatdan shu paytga qadar 114 mln kishi ishtirok etgan. Har yili dunyo bo‘ylab keng nishonlaniladigan ushbu eko sanada O‘zbekistonda ham butun respublika bo‘yicha soha xodimlari, ekofaollar, yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida plogging aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda. Bu eko-tabdirlar orqali aholi gavjum hududlarni chiqindilardan tozalash ana’naga aylangan.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Chimyon” MFY hududida o‘tkazilgan eko-tadbirda agentlik mas’ullari, tizim tashkilotlar va sanitar tozalash korxonalari xodimlari, yoshlar, eko-faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari kabi 5 ming nafardan ortiq ishtirokchi faol ishtirok etdi. Ekotadbir ishtirokchilari tomonidan jami 39 tonnaga yaqin chiqindi hududlardan olib chiqildi. To‘plangan chiqindilar 45 ta maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar orqali belgilangan tartibda bartaraf etildi.
Aksiya davomida ishtirokchilar mutasaddi rahbarlar boshchiligida belgilangan hududni chiqindilardan tozalashdi. Jamoaviy tarzda 9 guruhga bo‘lingan holda o‘zaro tozalik uchun bellashib, eng faollar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Poligon direksiyasi jamoasi — 279 kg
2-o‘rin — Agrar universitet jamoasi — 220 kg
3-o‘rin — 172-son maktab jamoasi — 95 kg
Plogging davomida Chimyon mahalla hududidan jami 822 kg chiqindi yig‘ildi. Bundan tashqari, yosh eko-faol rassomlar tomonidan atrof-muhitni ozoda saqlashga doir suratlar chizildi. Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar, faol ishitirokchi hamda hamkor tashkilotlar munosib taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida, mamlakatimizda o‘tgan 2025-yilda “World cleanup day” arafasida o‘tkazilgan xalqaro eko-aksiyasi doirasida hududlar jami 55 tonna chiqindidan tozalangan edi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA