Chiqindisiz kelajak sari
“Xalqaro chiqindilarsiz kun” munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Chiqindisiz dunyo uchun!” shiori ostida keng ko‘lamli eko-aksiya tashkil etildi. Mazkur tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda bir vaqtning o‘zida yuqori uyushqoqlik va faollik bilan o‘tkazildi.
Eko-aksiyada Chiqindi hamda Ekologiya boshqarmalari xodimlari, sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislar, o‘quvchi yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, chiqindi bilan ifloslanish bugungi kunda butun dunyoda dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2050-yilga kelib 308 mlrd. tonnagacha chiqindi hosil bo‘lishi taxmin qilinmoqda, shuning uchun atrof-muhitni chiqindilardan tozalash va ularni qayta ishlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim.

O‘tkazilgan aksiyadan ham maqsad belgilangan hududni tozalash bilan birga jamoatchilik e’tiborini belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik va ularni tozalashga qaratish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda tabiatni ozoda saqlashni targ‘ib qilishdan iborat.
Tadbir davomida atrof-muhitni asrash, chiqindilarni to‘g‘ri saralash va qayta ishlash madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida respublika bo‘ylab qariyb 20 ta hudud tozalandi. Jami 2 ming nafardan ortiq ishtirokchi tomonidan 97 tonna 900 kilogramm chiqindi yig‘ilib, 40 ta maxsus texnika yordamida belgilangan tartibda olib chiqildi va bartaraf etildi.

Tadbir yakunida eng ko‘p chiqindi to‘plagan jamoalar munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, barcha faol qatnashchilarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.

Bu kabi eko-aksiyalar aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish va sog‘lom muhitni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA