Bo‘stonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “WikiStipendiya” marafoni doirasida “WikiOromgoh IV” tadbiri o‘tkazildi
Shu yilning may oyidan start oluvchi “WikiStipendiya” marafonining uchinchi mavsumi oldidan respublika miqyosidagi oliygohlarni qamrab olish, har bir oliy o‘quv yurtida mazkur marafon va uning qoidalaridan yoshlarni xabardor qilish, bo‘lajak jamoa sardorlarini tayyorlash maqsadida olti kunlik oromgoh tashkil etildi.

Oromgohda talaba-yoshlar, tajribali vikipediya administratorlaridan mahorat darslarini o‘rganish bilan bir qatorda, o‘zlarining ilk maqolalarini yaratdi.
To‘rtinchi marotaba o‘tkazilayotgan “WikiOromgoh”da ishtirok etadiganlarning barchasi talaba-yoshlardan iborat. Oromgoh boshlanishi oldidan respublikamizdagi barcha OTM bo‘yicha yetakchilik qobiliyati bilan ajralib turgan, kompyuter savodxonligiga ega talabalardan nomzodlar ro‘yxati tuzildi va ular “WikiOromgoh IV” ishtirokchisiga aylandi.

Shunga ko‘ra, oromgohga respublika miqyosida 130ga yaqin oliygohlardan jami 165 nafar ishtirokchi jalb etildi. Shulardan 140 nafarini “WikiStipendiya” loyihasi, jumladan, o‘zbekcha vikipediya bilan tanish bo‘lmagan yoshlar tashkil etdi.

Oromgoh davomida vikipediyaga yangi kirib kelgan foydalanuvchilar tomonidan biografik, tarixiy, texnikaga oid, geografiya, sport, psixologiya, antropologiya, arxitektura, shaharsozlik, tibbiyot va boshqa mavzulardagi salmoqli maqolalar ham yaratildi.
Oromgoh yakuniga ko‘ra, o‘zbekcha vikipediya 8 ming 626 yangi maqola bilan boyidi, shulardan 8 ming 103tasi aynan oromgoh ishtirokchilari tomonidan yaratildi.

Umumiy tahrirlar soni 50 mingtadan oshdi. Shuningdek, “WikiOromgoh”ning 4-mavsumida o‘zbekcha vikipediya teranligi 32,1 ko‘rsatkichgacha ko‘tarildi. Oromgoh boshlanishidan oldin bu ko‘rsatkich 32,05ni tashkil qilar edi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA