"WikiMarafon": jahon internet tarmog‘ida o‘zbek tilida ma’lumotlar ko‘paymoqda
"WikiMarafon" internetda o‘zbekcha Vikipediyani rivojlantirishga qaratilgan loyiha hisoblanadi. Yoshlar ishlari agentligi hamda Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha o‘zbekcha Vikipediyani boyitish orqali Jahon internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi ma’lumotlarni ko‘paytirib boradi.
Ayni kunlarda "WikiMarafon" loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan "WikiSfera II" oromgohiga qabul boshlangan. Oromgohning bu galgi mavzusi mashhur Garri Potter filmlari ruhida bo‘lib, dastur doirasida turli o‘quv seminarlari, intellektual va jamoaviy o‘yinlar tashkil etiladi.
–"WikiSfera II" oromgohining 2-mavsumidan asosiy maqsad Vikipediya onlayn ensiklopediyasining o‘zbek tilidagi bo‘limida mavjud maqolalar soni va sifatini oshirishdan iborat, –dedi loyiha rahbari Shohjaxon Sobirov. – Oromgohni yuqori saviyada o‘tkazish uchun Yoshlar ishlari agentligi mas’ul tashkilot etib belgilangan.
Oromgoh tashkil etish orqali ishtirokchilarga Vikipediya onlayn ensiklopediyasining mazmuni, ishlash tamoyillari va imkoniyatlari haqida tushuncha berish, ularda tahrirlash madaniyatini shakllantirish, yoshlarning axborot izlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ishtirokchilarga Vikipediya onlayn ensiklopediyasining O‘zbek tilidagi bo‘limiga maqola joylashni o‘rgatish ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, oromgohga qatnashish uchun talabgorlar o‘zlarining shaxsiy qiziqishlari, faoliyati hamda oromgohda ishtirok etish bo‘yicha maqsadlarini yoritib beruvchi 200-300 so‘zdan iborat motivatsion xat yozishlari kerak bo‘ladi.
Motivatsion xatlar "WikiMarafon" loyihasining tashkiliy jamoasi tomonidan qabul qilinib, baholanadi. Shuningdek, oromgohga 16 va undan yuqori yoshdagi talabgorlardan arizalar qabul qilinadi.
Oromgoh uchun qabul 20-maydan 20-iyunga qadar davom etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, "WikiMarafon" loyihasi internet tarmog‘ida o‘zbekcha ma’lumotlar bazasini rivojlantirish, mamlakatimiz va uning tarixi haqida turli tillardagi ma’lumotlarni ko‘paytirish hamda o‘zbek tilining jahon miqyosidagi nufuzini oshirishda namunali xizmat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA