Voleybol: E’tibor ortidagi yuksalish
Voleybol bo‘yicha Olmaliq shahridagi “Metallurg” sport majmuasida o‘tkazilgan O‘zbekiston superkubogi bahslari har jihatdan yuqori darajada tashkil etilganligi bilan ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Ahamiyatlisi, avvallari nomigagina tashkil etilgan mazkur musobaqa bu yil tom ma’noda mamlakatimiz voleybolchilari uchun katta tantana ko‘rinishini oldi. Ayollar va erkaklar jamoalarining kuchlilari o‘rtasidagi murosasiz bellashuvlar qiziqkarliligi va kutilmagan natijalari bilan alohida ajralib turdi.
Superkubokning ayollar o‘rtasidagi bahslarda Nukus davlat pedagogika instituti voleybolchi qizlari har ikki o‘yinda mamlakat chempioni hamda kubogi sohibi SKUF jamoasini ishonchli tarzda mag‘lub etdi va superkubokni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda amaldagi O‘zbekiston chempioni va kubogi sohibi Samarqandning “O‘ztelekom” jamoasi Olmaliqning OTMK jamoasi bilan kuch sinashdi. Dastlab samarqandliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ammo keyingi partiyalarda tashabbuskorlik ko‘rsatgan olmaliqliklar “O‘ztelekom”ni avvaliga 1:3, keyin 0:3 hisobida dog‘da qoldirib, O‘zbekiston superkubogi-2021 sohibiga aylandi.
Bahslar yakunlangach, Olmaliqda joriy mavsum g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Chempionat yakunlariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida oltin medalga “O‘ztelekom”, kumush medalga OTMK va bronza medaliga O‘zbekiston chempionati debyutanti «Milliy gvardiya» jamoasi sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasida esa oltin medal SKUF jamoasiga, kumush va bronza Nukus davlat pedagogika instituti hamda Andijon viloyati terma jamoasi qizlariga nasib etdi. Shuningdek, marosimda 9 ta nominatsiya bo‘yicha ham eng yaxshilar O‘zbekiston voleybol federatsiyasi va hamkor tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandi.
– Bu yilgi musobaqalar har jihatdan ko‘tarinki o‘tgan bo‘lsa-da, o‘tkazilgan musobaqalar, amalga oshirilgan ishlar O‘zbekiston voleybolini xalqaro maydonga olib chiqish uchun poydevor vazifasini o‘tadi. Yil mobaynida xaftaning biron bir kunini besamar o‘tkazmadik. Tashkil etilgan musobaqalar, erishilgan natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston voleyboli katta istiqbolga ega. Buning uchun esa seleksion turnirlarni doimiy tarzda o‘tkazishimiz, chempionat va birinchiliklarning uzluksizligini ta’minlashimiz lozim. Raqamlarga e’tibor qaratsak, o‘tgan yillari yurtimiz voleybolchilari chet eldagi 1-2 ta turnirda qatnashgan bo‘lsa, bu yil 4-5 ta xalqaro musobaqada, qit’a chempionatlarida, saralash va o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etdik. Muhimi, voleybol jamoalarimizning tajribasi oshmoqda. Kelgusida niyatimiz nafaqat xalqaro musobaqalarda qatnashish, balki g‘oliblik shohsupasidan joy olishni rejalashtirmoqdamiz, – deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev.
Darhaqiqat, o‘tayotgan 2021 yil mobaynida yurtimizdagi barcha yosh toifalari bo‘yicha jamoalar voleybol musobaqalariga qamrab olinishiga harakat qilindi. Bunga qaysidir ma’noda erishildi. Buning natijasida o‘nlab iste’dodlar aniqlandi. Turli yosh toifasida voleybol jamoalari shakllantirildi. Qisqa fursatda yil davomida yurtimiz voleybol jamoalari 6 ta Markaziy Osiyo chempionatlarida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallariga musharraf bo‘lishdi. Bu, O‘zbekiston voleybolining yorqin g‘alabalari poydevoriga qo‘yilayotgan mustahakam tamal toshidir.
Qolaversa, 2021 yildan e’tiboran mamlakatimizda sohil voleyboli bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilganligi diqqatga sazovor xodisa bo‘ldi. O‘zbekiston voleybol federatsiyasi 2022 yildan qish mavsumida qordagi voleybol musobaqalarini o‘tkazishni ham reja dasturiga kiritganki, bunday qamrovga erishish orqali aholi salomatligini mustahkamlash, kuchli voleybol jamoalarini shakllantirish tizimini yanada rivojlantirishga o‘ziga xos tarzda hissa qo‘shadi, degan umiddamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA