Voleybol: CAVA U18 chempionatining sovrindorlari aniqlandi
Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi”da voleybol bo‘yicha O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston terma jamoalari ishtirokida o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasida o‘tgan CAVA U18 chempionati har jihatdan yuqori saviyada tashkil etildi.
Olti kun davom etgan shiddatli o‘yinlarda Markaziy Osiyo davlatlarining 90 nafardan ortiq mahoratli voleybolchilari o‘z iqtidorini namoyish etdi.
Qizg‘in va murosasiz uchrashuvlar natijasiga ko‘ra, o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasidagi bahslarda qo‘shni Qozog‘iston voleybolchilari bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Qizlar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston jamoalari keyingi o‘rinlarni band etgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar jamoalari orasida 2-o‘rinni Qirg‘iziston, 3-o‘rinni O‘zbekiston-1 jamoasi qo‘lga kiritdi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, hamyurtlarimizdan Murodjon Mamatqulov, Ivan Pivoshenko, Temirlan Abdubaitov, Meronshoh Ochilov Serdar Ilyasov, O‘g‘iloy Abduvaliyeva, Robiya Karimboyeva Kristina Xasanova tegishli nominatsiyalar bo‘yicha sovrindor, deb topildi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan Sport vazirligi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamda daxldor tashkilot mutasaddilari mazkur turnir yosh voleybolchilarning mahoratini oshirish, xalqaro tajriba almashish hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi sport hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatliligini ta’kidladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA