Voleybol: U18 yosh toifasida O‘zbekiston kubogi bahslari boshlandi
Bugun, 13-avgust kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin sport turlari majmuasida voleybol bo‘yicha U18 yosh toifasi jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bahslari boshlandi.
Kecha mamlakatimiz voleybolining ertangi chempionlarini kashf etib beradigan musobaqalar oldidan o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari uchun qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, bugun kun davomida o‘g‘il bolalar jamoalari 6 ta, o‘smir qizlar jamoalari 5 ta o‘yinda maydonga tushadi.

O‘smir yoshlar musobaqalarida Surxondaryo-Farg‘ona, Navoiy-Jizzax, Qoraqalpog‘iston Respublikasi-Namangan, Buxoro-Samarqand, Qashqadaryo-Sirdaryo, Andijon-Toshkent viloyati jamoalari ilk kungi o‘yinlarda kuch sinashadi.
O‘smir qizlar musobaqasida esa Andijon-Jizzax, Samarqand-Farg‘ona, Surxondaryo-Navoiy, Namangan-Xorazm, Sirdaryo-Toshkent viloyati musobaqaning bosh sovrini - O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritish yo‘lida ro‘baro‘ keladi.
O‘yinlar 18-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA