Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov Uchquduq tumanida yoshlar bilan uchrashib, ularning yutuq va muammolari bilan qiziqdi.
Tashrifning birinchi manzili 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda 11-sinf o‘quvchilari bilan muloqotlar davomida ilm egallang, hunar o‘rganing, tashabbuskor bo‘ling, maqsadlaringizni dunyoga baralla ayting, yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini aynan siz belgilang. Biz esa hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, – dedi viloyat rahbari.
“Hokim va yoshlar” uchrashuvida shu maktabning sobiq bitiruvchisi Nurbek Ergashov ham taklif qilingan. U bir qator xorijiy oliygohlar talabasi bo‘lgan.
Uchrashuvda Nurbek tengdoshlariga qo‘lga kiritgan yutuqlari, maqsadi yo‘lida qilgan mehnatlari va o‘qish-izlanishlari haqida gapirib berdi. Otasi Ilhom Bo‘ronov esa farzandining yutuqlaridan ota sifatida ko‘ngli tog‘dek yuksalganini, u bilan faxrlanishini ta’kidladi.
– Pandemiya sabab, Amerikadagi o‘qishimni keyingi yil davom ettirmoqchiman. Hozir esa uchquduqlik yoshlarga o‘z bilimim va tajribamni o‘rgatish niyatidaman. O‘quv kursi tashkil etish orqali o‘zim singari yoshlar safini kengaytirmoqchiman, – deydi Nurbek Ergashov.
Viloyat hokimi Q.Tursunov tomonidan o‘quv kursini tashkil etish uchun Nurbek Ergashovga tuman markazida joylashgan “Kelajak” yoshlar markazidan xona ajratildi hamda planshet va noutbuk sovg‘a qilindi.
Shuningdek, viloyat hokimining yana bir sovg‘asi sifatida Nurbek bilim olgan 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi joriy yilda qayta rekonstruksiya qilinadigan bo‘ldi.
Hokim “Mingbuloq” ovuliga tashrifi davomida ovul yoshlari, nuroniy otaxon va onaxonlar bilan suhbat chog‘ida ovuldagi mavjud muammolar bilan qiziqdi. Ovul vakillaridan Kunsulu Utebayeva yolg‘iz nogiron qizi bilan ta’mirtalab uyda yashayotganligi bois, qurilish-ta’mirlash ishlarida, Tinimkul Nurtayeva esa onasi − birinchi guruh nogironi Tursinkul Nurtayevaga yolg‘iz o‘zi qarovchi bo‘lib, uyida suv isitish uchun sharoit yo‘qligini aytib, “Ariston” suv isitish moslamasini o‘rnatishda amaliy yordam so‘radi. Shuningdek, Bibijamal Yermaxanova ovulning yosh bolalari uchun zamonaviy o‘yin maydonchasi, sportsevar yoshlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun sun’iy qoplamali sport maydoni qurish taklifini ilgari surdi.

Muloqotlar chog‘ida aytilgan takliflarning yechimi xususida viloyat rahbari mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Joriy yil yakuniga qadar Mingbuloq ovulida zamonaviy o‘yin maydonchasi va sun’iy qoplamali sport maydoni quriladigan bo‘ldi.
− Bundan uch yil oldin Navoiy davlat pedagogika institutining to‘rtinchi bosqichida o‘qirdim. Oilamiz katta bo‘lib, ota-onam kontrakt pulini to‘lashda ancha qiynalib qolishgandi. Viloyat hokimi ovul aholisi bilan uchrashuv chog‘ida otam to‘lov masalasida ko‘mak so‘ragandi. Shuning uchun qiynalib qolgan talabani moddiy qo‘llab-quvvatlagan viloyat hokimiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Mana ikki yildirki, oliygohni tamomlab, ovuldagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga qozoq tili va adabiyoti fanidan dars bermoqdaman. Shu bilan birga, maktab yoshlariga yetakchiman, − deydi Yerlan Qonarbayev.
Shuningdek, uchrashuvda hududdagi kam ta’minlangan ijtimoiy-tibbiy himoyaga muhtoj oilalarga nogironlik aravachasi, elektr pech va kiyim-kechaklar berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, tadbir bayramga aylanib ketdi. Unda milliy urf-odat va an’analar namoyish qilinib, do‘mbira jo‘rligida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Ayniqsa, el suygan xonanda Qodir Jo‘raqulovning chiqishlari ovuldoshlarga birdek manzur bo‘ldi. Qozoq xalqining suyukli kompozitori Shamshi Qaldayaqovning qo‘shiqlariga barcha jo‘r bo‘ldi.

Viloyat hokimi Q.Tursunov Mingbuloq ovul fuqarolar yig‘ini qoshida tashkil etilgan “Qыz jasau” nomli tikuv sexiga tashrif buyurib, tikuvchi qizlar bilan suhbatlashdi.
Hozirda ushbu sexda o‘nga yaqin ovul ayollari milliy kiyimlar, ko‘rpa-to‘shaklar, buyurtmaga asosan tuya junidan tikilgan va to‘qilgan mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
Aytish joizki, tashkil qilingan tikuvxona ovul ayollarining ijtimoiy faolligini oshirish, o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, bandligini ta’minlash, daromad topishlariga ko‘maklashishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

– Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar qadriyatlarimizning uzviy davomi bo‘lib, boy madaniy merosimizni yoshlarga o‘rgatish va ular o‘rtasida keng targ‘ib qilishda ham katta ahamiyatga ega, – deydi “Qыz jasau” tikuv sexi rahbari Rima Abdikarimova. – Shuning barobarida, tikuvchi qizlarimiz mahsulotlarimizni zamonaviy bezaklar bilan boyitishga ham intilmoqda.

Shu kuni viloyat hokimi Q.Tursunov sex tikuvchisi Zuhra Jumamuratovaga tikuv mashinasi sovg‘a qildi.
Viloyat hokimi Q.Tursunov “Quvanch – Davron” fermer xo‘jaligida bo‘lib, fermer xo‘jaligi rahbari Tanatar Aldabayev bilan qishlovning borishi, chorva mol boshi sonini ko‘paytirish, sohada mavjud muammolar xususida suhbatlashdi.
Hozirda xo‘jalikda 40 bosh tuya, 10 bosh yilqi, 500 bosh mayda shoxli mol parvarishlanmoqda.
Viloyat hokimi Q.Tursunov Mingbuloqqa tashrifi doirasida Shirinkul aje Smaylova xonadonida bo‘ldi. Darvoqe, qozoq xalqida yoshi ulug‘ onaxonlarni aje, deyishadi ulug‘lab.
Onaxon turmush o‘rtog‘i A.Turdimuratov bilan yelkama-yelka turib, 40 yil cho‘ponlik qilgan. Chorvaning hadisini olgan bu onaxon o‘g‘li Saydmamut Turdimuratovga ham yaqin maslahatchi va ko‘makdosh bo‘la oldi. Halol mehnati orqasida e’zoz topgan S.Turdimuratov “Shuhrat” medali “va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan chorvador” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Afsuski, bevaqt kasallik ana shunday ajoyib farzand, jonkuyar chorvador Saydmamut Turdimuratovni oramizdan barvaqt olib ketdi.
Viloyat hokimi Q.Tursunov Shirinkul aje Smaylova bilan suhbatlashar ekan, ana shunday mehnatkash, yurtga fidoyi farzand tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA