Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining vakolatlari aniqlashtirilmoqda
«O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
– O‘zbekiston Respublikasi hududida qurilayotgan binolar va inshootlar seysmik xavfsizligi ta’minlanishining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qiladi;
– elektron texnik pasportlar asosida binolar va inshootlarni seysmik jihatdan zaifligi bo‘yicha tasniflashda, shuningdek binolar
va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruvida hamda ularning zilzilabardoshligini oshirishda ishtirok etadi;
– seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilayotgan hamda inspeksiya nazorati predmetiga kiruvchi barcha turdagi binolar
va inshootlarning, shuningdek ko‘p qavatli turar joylarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga oladigan elektron texnik pasportlarni shakllantiradi;
– Respublikada qurilayotgan binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash, shuningdek mavjud binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish uchun zarur choralar ko‘radi.
Shuningdek, shaharsozlik hujjatlari tarkibiga master-reja ham kiritilmoqda.
Master-reja hududlardagi aniq muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan, o‘zida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan shaharsozlik hujjatidir.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zA