Vatanparvarlik saboqlari
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida “Vatan ostonadan boshlanar” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir dastlab Termiz tumanida joylashgan harbiy qismda boshlandi. U yerda o‘tkazilgan uchrashuv nafaqat ma’rifiy ahamiyatga, balki ishtirokchilar uchun chuqur ma’naviy muloqot maydoniga aylandi.
[gallery-28800]
Tadbir davomida chegarachilarning mas’uliyatli va sharafli xizmati alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, ular nafaqat yurtimiz sarhadlarini, balki tinchlik-osoyishtalik va milliy qadriyatlarni ham himoya qilayotgan fidoyi insonlardir.
Ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari tomonidan mustaqillik yillarida harbiy sohada amalga oshirilgan islohotlar, chegara xavfsizligini ta’minlashning ahamiyati, harbiy xizmatchilarning ma’naviy qiyofasi haqida atroflicha fikr bildirildi.
Tadbirning ikkinchi qismi Termiz shahri Yoshlar markazida davom etdi. Unda harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Muloqotlar jarayonida qatnashchilarga harbiy sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar, yurt xavfsizligini ta’minlashdagi muhim vazifalar va bu jarayonda ma’naviyatning o‘rni haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbir so‘ngida Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA