Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida
Guliston shahridagi “Yagona” tantanalar uyida “Milliy armiya — ona yurt qalqoni, tinchlik posboni” shiori ostida Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Sirdaryo viloyati teleradiokanali davlat muassasasi hamda Guliston shahar harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tantanali marosimda harbiylashtirilgan tuzilmalar vakillari, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi rahbariyati, Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha viloyat Kengashi hamda Jamoatchilik Kengashi a’zolari, faxriy harbiylar, yosh ofitserlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Azizbek Rahmonov hamda Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha viloyat Kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burxon Abdualimov Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan harbiy islohotlar natijasida mamlakatimizda zamonaviy, yuksak salohiyatga ega milliy armiya shakllanganini ta’kidlashdi.
Qayd etilganidek, bugungi milliy armiya mamlakat xavfsizligi va tinchligini ta’minlash, davlat chegaralarining daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir, eng so‘nggi rusumdagi qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan qudratli tuzilmaga aylangan.

Shuningdek, milliy armiyamiz zamirida xalqimizning asrlar davomida shakllangan harbiy an’analari, vatanparvarlik ruhi, buyuk ajdodlarimiz — Jaloliddin Manguberdi va Amir Temurning Vatanga muhabbati hamda yurtga sadoqati mujassam ekani alohida e’tirof etildi.
– Sharqiy harbiy okrugda bo‘lim boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan, ayni paytda nafaqada bo‘lgan otam Murodulla Mirzaliyev men uchun hayot maktabi bo‘lgan. Uning kasbiga sadoqati, harbiy intizomi va bizga bergan tarbiyasi meni shu yo‘lni tanlashga undadi. Men uchun otam ham ustoz, ham do‘st, – dedi tadbirda ishtirok etgan yosh ofitserlardan biri — leytenant Dilshod Mirzaliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u dastlab 2019 yilda Farg‘ona viloyatidagi Temurbeklar maktabiga imtiyoz asosida qabul qilingan. Keyinchalik esa Oliy Bosh Qo‘mondonimiz — Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan berilgan 30 foizlik imtiyoz asosida 2021 yilda Oliy harbiy akademiyada kursant sifatida tahsil olgan.
Ayni paytda Toshkent harbiy okrugiga qarashli Sirdaryo viloyatida safarbarlikka chaqiruv rezervi xizmatida faoliyat yuritayotgan leytenant ta’lim jarayonida bir necha xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirganini, xizmat davomida esa O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda Guliston shahar harbiy prokuraturasi bilan hamkorlikda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Ochiq eshiklar kuni” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Uning fikricha, bunday uchrashuvlar yosh harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlab, Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lidagi xizmatga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshiradi.
Tadbirning badiiy qismida Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilari hamda Sirdaryo viloyati filarmoniyasining xonandalari tomonidan Vatanga muhabbat va sadoqatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, Doston Qalandarov (surat), O‘zA muxbirlari