Sohibqironning sarkardalik san’ati va afv etish falsafasi
Dunyo tarixida mislsiz qudrat egasi bo‘lgan sarkardalar ko‘p o‘tgan. Biroq ularning sanoqlilarigina g‘azab o‘tida yongan pallada ham adolat va ma’rifat oldida bosh ega olgan. Buyuk davlatchilik asoslari aynan shunday murakkab sharoitlarda toblanadi.
Sohibqiron Amir Temurning sarkardalik sarhadi faqatgina qilich zarbi bilan cheklanmagan. Uning siyosiy tafakkuri va uzoqni ko‘ra bilish salohiyati o‘ta teran edi. Sharafuddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida g‘oyat nodir bir hodisani bayon qiladi. Bu voqea Sohibqironning kechirimlilik fazilatini yaqqol ko‘rsatib beradi. Voqelik milodiy 1400-yilda, mashhur “yetti yillik yurish” davrida yuz bergan.
Temuriylar lashkari Suriya hududidagi Bihishti va Ayntob qo‘rg‘onlari tomon yaqinlashib kelardi. Bihishti qo‘rg‘oni tog‘ darasi ichida qad rostlagan edi. Uning tabiiy joylashuvi mudofaa uchun o‘ta qulay sharoit yaratardi. Qal’a dorug‘asi Muqbil ismli kimsa edi. Bu odam Sohibqiron yaqinlashayotganini eshitib, haddsiz g‘urur va kibr sababli qo‘rg‘on darvozalarini mahkam berkitadi. Muqbil dunyoni titratgan qo‘shinga qarshi isyon bayrog‘ini ko‘taradi. Bu shunchaki jasorat emas, balki siyosiy ko‘rlik va mantiqsizlikning bir ko‘rinishi edi. Buyuk lashkarga bunday qarshilik ko‘rsatish halokat bilan teng edi, aslida.
Amir Temur vaziyatni teran mushohada qilib, atrofdagi baland tepalikni tanlaydi. U yerda zudlik bilan podshohlik chodiri tikiladi. Oliy bosh qo‘mondon qarorgohining bunday yaqin masofada o‘rnatilishi dushmanga ruhiy zarba berishi lozim edi. Ammo qal’a ichidagi muxoliflar bundan mutlaqo boshqacha xulosa chiqaradilar. Ular qo‘rg‘on devorlari ortidan manjaniq orqali hukmdor chodirini to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonga oladilar. Sohibqironning chodiri tomon ulkan toshlar uloqtirila boshlaydi. Oliy davlat timsoliga nisbatan qilingan bu tajovuz kechirilmas jinoyat edi. Butun lashkar amirlari va beklari dahshatdan yoqa ushlaydilar. Davlat rahbariga qilingan bunday hujum lashkarning qahrini o‘n chandon oshiradi.
Sohibqironning qattiq jahli chiqadi. U zudlik bilan ushbu qal’ani yer bilan yakson etishni buyuradi. Temuriylar armiyasining beqiyos harbiy muhandislik maktabi darhol o‘z ishini boshlaydi. Mohir ustalar va askarlar juda qisqa fursat ichida 20 ta ulkan manjaniq yasab bitiradilar. Bu qurilmalar o‘sha davrning ilg‘or harbiy yutuqlaridan biri sanalgan. Qasos zarbasi sovuqqonlik va o‘ta aniqlik bilan amalga oshiriladi. Aynan Sohibqiron chodiriga tosh otgan dushman manjanig‘i maxsus nishonga olinadi. Ustalar masofani va tosh vaznini aniq hisob-kitob qiladilar. Bir necha kuchli zarbalardan so‘ng isyonchilarning asosiy quroli chilparchin qilinadi.
Shundan so‘ng qal’a ichiga ketma-ket halokatli toshlar yomg‘iri yog‘ila boshlaydi. Muqbil va uning atrofidagilar tezda o‘z qilmishlarining fojiali oqibatini anglab yetadilar. Qo‘rg‘onga juda katta va og‘ir talofat yetkaziladi. Dorug‘a qo‘rquvdan titrab, hatto tashqariga chiqishga jur’at topolmaydi. U Sohibqirondan o‘z jonini omon qoldirishni o‘tinib, yashirincha kishilar jo‘natadi. Biroq buyuk davlat arbobining ularga qaytargan javobi siyosiy tafakkur namunasidir. Amir Temur faqatgina qal’ani to‘liq egallagandan so‘ng aybdorni afv etishini aytadi. Agar qudratli qo‘shin yopiq darvoza ortidan iziga qaytsa, xalq orasida noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lardi. Odamlar qo‘shin qal’ani ololmay ortga chekindi, degan mish-mish tarqatishi tayin edi.
Milodiy 1400-yilning 27-sentabri edi. Tarix solnomalarida 803 yil safar oyining yettisi deb bitilgan shu kuni keskin hujum boshlandi. Sohibqiron qal’a ostidagi nag‘amlarga o‘t qo‘yish haqida qat’iy farmon berdi. Butun inshoot poydevorini o‘pirish uchun qazilgan chuqurlardagi olov tez tutandi. Ko‘p o‘tmay g‘animning mustahkam burjlari birin-ketin qulay boshladi. Bu dahshatli manzarani ko‘rgan ichkaridagi himoyachilar vahimaga tushdilar. Ularning barchasi qurollarini tashlab, har tomonga tarqalib ketdilar. Qo‘rg‘on mudofaasi butunlay parchalandi.
Qal’a to‘la zabt etildi va mag‘lub dorug‘aning taqdiri hal qiluvchi pallaga kirdi. Muqbilning ahvoli g‘oyat ayanchli edi. Tosh uloqtirishdek og‘ir gunohning jazosi faqat o‘lim bilan yakunlanishi tabiiy tuyulardi. Xuddi shu qaltis lahzada qal’aning ulug‘ ulamolari va nufuzli arboblari maydonga chiqdilar. Ular amirzoda Shohruxni o‘zlariga shafe qilib tanladilar. Ulamolar amirzoda orqali Sohibqirondan gunohga botgan dorug‘aning jonini omon qoldirishni so‘radilar. Amir Temurning ilm-ma’rifat ahliga nisbatan ehtiromi har doim cheksiz bo‘lgan. U ulug‘ kishilarning va suyukli farzandining so‘zini qaytarmadi. O‘z chodiriga tosh ottirgan ashaddiy dushmanning jonini omon qoldirdi.
Suriyadagi Bihishti qal’asida yuz bergan ushbu voqea ajdodlarimizning axloqiy mezonlarini yorqin namoyon etadi. Yengilmas sarkarda tog‘dek mustahkam qo‘rg‘onni harbiy qudrat bilan zabt etdi. Ammo mag‘lub dushmanga hukm o‘qishda ilm-ma’rifat vakillarining hurmatini oliy o‘ringa qo‘ya oldi. Bu ulug‘vor hodisa davlat boshqaruvida beqiyos kuch va teran kechirimlilikning mukammal uyg‘unligidir. Sohibqiron saltanatining qudrati aynan shunday adolat va ma’rifat ustunlariga tayangan edi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA