Vatan himoyasi uchun qasamyod
Xorazm viloyatidagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litseyda yosh o‘g‘lonlarning “Va’da berish” marosimi tantanali ruhda o‘tkazildi.
Ertalabdan tantana maydonida hukm surgan ruhni so‘z bilan to‘liq ifodalash qiyin. Bir tomonda farzandini katta umidlar bilan kuzatayotgan ota-onalar, ikkinchi tomonda yelkasida Vatan oldidagi mas’uliyatni his qilayotgan yosh o‘g‘lonlar. Ularning nigohlarida qat’iyat, qalblarida hayajon, qadamlarida esa o‘ziga bo‘lgan ishonch aks etardi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlarni ushbu qutlug‘ kun bilan samimiy muborakbod etdi. Litsey o‘quvchilarining ta’limdagi yutuqlari alohida e’tirof etilib, 2025-2026 o‘quv yilida mazkur maskanda tahsil olgan barcha yoshlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga yuz foiz davlat granti asosida qabul qilinganligi ta’kidlandi. Bu natija, avvalo, yoshlarning izlanishi, ustozlarning fidokorona mehnati va ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi samarasi ekanligi qayd etildi.
Saf maydonida 150 nafar yosh o‘g‘lonning bir ovozdan yangragan ont so‘zlari tantana maydonini yanada ulug‘vor ruhga chulg‘adi. Har bir so‘zda Vatanga muhabbat, har bir jumlada sadoqat, har bir nigohda xalqimiz oldidagi mas’uliyat mujassam edi.
Okrug qo‘mondoni, litsey rahbariyati, Xorazm viloyat hokimligi vakillari hamda o‘quvchilarning ota-onalari tadbirga guvoh bo‘lib, yosh o‘g‘lonlarning qalbidan ko‘tarilgan sadoqat nidosini birgalikda his etdilar.
– Bugun zimmasiga olgan og‘ir, ammo sharafli burchini anglagan holda, buyuk ajdodlar ruhi oldida va ona Vatan tuprog‘ini muqaddas bilib 150 nafar yigit yigitlik ontini ichdi, – deydi urganchlik Zafar Sobirov. – Ularning orasida mening jiyanim ham borligidan faxrlanaman. Chunki, u dastavval menga havas qilib, harbiy bo‘lishga qiziqdi. Endi esa uning o‘zi harbiylar safida. Bu kun litsey o‘quvchilari hayotida oddiy sana bo‘lib qolmaydi. Zero, bugun ular o‘z qalblaridagi Vatanga muhabbatni so‘z bilan ifodalabgina qolmay, uni muqaddas ont bilan mustahkamladilar.
Tadbir davomida Vatan himoyasining naqadar sharafli va mas’uliyatli burch ekani, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, mardlik, jasorat va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash muhimligi alohida ta’kidlandi. Marosim yakunida harbiy orkestr ijrosidagi Vatan madhiga yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlar tantana ruhini yanada ko‘tardi. Qo‘l jangi ustalarining mahorat namoyishi esa yoshlarning jismoniy chiniqishi, qat’iyati va harbiy tayyorgarligini namoyon etdi.
Ota-onalar esa farzandlariga boqarkan, ko‘zlarida faxr, qalblarida cheksiz ishonch bilan turdilar.
[gallery-31671]
Jaloliddin Manguberdi yurt ozodligi va mustaqilligi yo‘lida mardlik va jasorat timsoliga aylangan buyuk sarkarda. Ajdodga munosib bo‘lish nomni takrorlash bilan emas, uning ma’naviy merosiga munosib amallar bilan isbotlanadi. Qasamyod qabul qilgan yosh o‘g‘lonlar ham ana shu buyuk merosni qalbiga singdirib, Vatan sha’nini himoya qilish, xalq xizmatida fidokor bo‘lish, yurt tinchligi va osoyishtaligini asrash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar etishga va’da berdilar.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari