Jizzaxda gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barqaror hamda xavfsiz tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “G‘ozg‘ontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida gaz ta’minoti tizimini mavsumga tayyorlash, tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash va tabiiy gazni iste’molchilarga bir me’yorda yetkazib berish bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan gaz quvurlarining texnik holati o‘rganilib, nosoz va eskirgan tarmoqlarni rekonstruksiya qilish ishlari bajarilmoqda. Shuningdek, quvurlarning xizmat muddatini uzaytirish, zanglash va tashqi muhit ta’sirida yemirilishining oldini olish maqsadida ularni tozalash hamda bo‘yash ishlari amalga oshirilayotir.
— Hozirda G‘ozg‘ontepa mahallasi hududida 612 ta aholi iste’molchisi mavjud. Ularning gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash asosiy vazifalarimizdan biri. Iste’molchilarga xizmat ko‘rsatuvchi gaz tarmoqlariga zamonaviy talablarga javob beradigan, avtomatlashtirilgan yangi gaz taqsimlash punktlarini o‘rnatmoqdamiz, - deydi «Hududgaz Jizzax» gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Salimov.
Tasdiqlangan reja-jadval asosida olib borilayotgan ishlar havo harorati keskin pasaygan kunlarda gaz bosimini barqaror saqlash va iste’molchilarni uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Sohada mavjud infratuzilmani ta’mirlash va profilaktika ishlari bilan bir qatorda, gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-31728]
Shu maqsadda «Hududgaz Jizzax» gaz ta’minoti filiali, «O‘zenergoinspeksiya»ning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi hamda Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Hamkorlik doirasida tabiiy gaz yo‘qotishlarining sabablarini ilmiy jihatdan tahlil qilish, hisob-kitoblar aniqligini oshirish, zamonaviy monitoring usullarini qo‘llash hamda yoshlarning innovatsion loyihalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu tariqa, Sharof Rashidov tumanida gaz ta’minoti infratuzilmasini takomillashtirish va sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumida barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA