Vashington yoki Tehron: iqtisodiy bosimga birinchi bo‘lib qaysi biri taslim bo‘ladi?
Davom etayotgan global va mintaqaviy keskinlik sharoitida “Qaysi tizim – Vashingtonniki yoki Tehronniki – hozirgi inqirozga birinchi bo‘lib taslim bo‘ladi? degan savol bo‘lib qolmoqda. Quddus strategiya va xavfsizlik instituti “Jerusalem Institute for Strategy and Security” (JISS) tahlilida davlat (fuqarolik) iqtisodiyoti va rejim iqtisodiyoti (hokimiyatni saqlab qolish vositalari) o‘rtasida qat’iy farqlash zarurligini ta’kidlaydi.
Makroiqtisodiy nuqtai nazardan, mamlakatlar o‘rtasidagi tafovut juda katta.
XVJ va Jahon banki 2026-yil AQSHning nominal yalpi ichki mahsulotini 32,38 trillion dollar, o‘rtacha inflyatsiya 3,2 foiz taxmin qilgan. Eronning yalpi ichki mahsuloti esa atigi 300 milliard dollar, iqtisodiyoti 6,1 foiz qisqargan. Shuningdek, oziq-ovqat inflyatsiyasi 99 foizni tashkil etib, o‘ta salbiy ko‘rsatkichga yetdi.
AQSH dengiz qamali allaqachon Eron neft eksportini 80 foizdan ko‘proq kamaytirdi: taxminan 100 000 tonna neft bozorga chiqmadi. 69 million barrel neft ortilgan tankerlar harakatsiz qolgani mamlakat valyuta tushumini falaj qildi.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, fuqarolik inqirozi sezilyapti, hukmron elita qulashi qiyin masala.
– Eron jamiyati rejimning o‘zidan ancha tezroq qulamoqda, – deyilgan maqolada. Zero, Eron hukumati omon qolish yo‘lini aholining og‘ir ahvolidan muvaffaqiyatli ajratib oldi. Sanksiyani chetlab o‘tish va Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi (EIQK)ni moliyalashtirish uchun “Nobitex” kripto valyuta birjasi kabi muqobil vositalardan foydalangan holda, Tehron xavfsizlik kuchlari va hukumat boshqaruviga maosh to‘lash imkoniyatini saqlab qolmoqda. Rejim asosiy koalitsiyasini saqlab qolish uchun oyiga taxminan 600-800 million dollar kerak. Bu mablag‘ni, hatto, oyiga 1,2-1,5 milliard dollar neft eksporti daromadi kamayishda davom etsa ham qoplanadi.
Ayni payt AQSHning pozitsiyasi buning aksi bo‘lib ko‘rinadi. Makroiqtisodiy jihatdan Vashington bu kampaniyani yillar davomida davom ettirishga qodir, sun’iy intellektga investitsiya orqali yalpi ichki mahsulot o‘sishini 2 foizda ushlab tura oladi. Ichki siyosat AQSH uchun to‘siq bo‘lib qolmoqda. Amaliyotning bevosita xarajati allaqachon 25 milliard dollarga yetdi va Tramp ma’muriyati saylov xavfi, mamlakatda yashash xarajati ortishi va Kongress bosimiga duch kelmoqda. Bundan tashqari Fors ko‘rfazidan tortib Xitoy va Yevropagacha tashqi o‘yinchilar energiya bozorini barqarorlashtirish va Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun tezkor ravishda keskinlikni kamaytirishni talab qilmoqda. Natijada JISS tahlilchilari Eronning fuqarolik iqtisodiyoti sanksiya bosimi ostida qulash arafasida turgan bir payt Trampning siyosiy harakati vaqt bilan cheklangan, degan xulosaga kelishdi. Oq uy Qo‘shma Shtatlardagi ichki siyosiy xarajat kampaniyaning geosiyosiy foydasidan ustun kelmasdan oldin, hozirgi holatni foydali kelishuvga aylantirishga intilmoqda.
S.Rahimov, O‘zA