Vashington Pekindan yordam kutmoqda
AQSH ma’muriyati Xitoydan Eronga ta’sir o‘tkazib, Hurmuz bo‘g‘ozini xalqaro dengiz qatnovi uchun qayta ochishga yordam berishni so‘ramoqda. Bu chaqiriq Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasida kutilayotgan sammit arafasida yangradi.
Davlat kotibi Marko Rubio Pekinni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy bilan muloqotdan foydalanib, Tehronga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, bo‘g‘ozdagi cheklov Eronni xalqaro maydonda yakkalab qo‘ymoqda. Shuningdek, Rubio Hurmuz yopilishi Xitoy iqtisodiyotiga AQSHdan ko‘ra og‘irroq ta’sir qilayotganini aytdi.
Vashington Xitoy iqtisodiyoti Yaqin Sharq orqali amalga oshiriladigan energiya tashuviga kuchli darajada bog‘liq, degan fikrda. Pekin neft importining qariyb yarmini, suyultirilgan gazning ham salmoqli qismini shu mintaqadan oladi. Demak, Amerika moliya vaziri Skott Bessent Xitoyni xalqaro dengiz harakatini tiklash bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirishi bejiz emas.
Ayni payt AQSH BMT Xavfsizlik Kengashida Hurmuz bo‘g‘ozini ochishga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilinishi bo‘yicha ham diplomatik faollikni kuchaytirgan. Avvalroq Xitoy va Rossiya Eronga nisbatan keskin yondashuvni nazarda tutgan hujjatga veto qo‘ygan edi. Vashington esa Pekinni bu safar betaraf qolishga ko‘ndirishga urinmoqda.
Musulmon Ziyo,
O‘zA