Tarif tahdidi Bryusselni xavotirga soldi
Yevropa Ittifoqi Vashingtondan savdo kelishuvi shartiga ko‘nishni talab qilmoqda. Parijda o‘tgan muzokarada YeI savdo komissari Marosh Shefchovich AQSH vakili Jeymison Grirga 15 foizlik tarif cheklovini “tezda tiklash” zarurligini aytgan.
Keskinlik Prezident Donald Tramp Yevropa avtomobillariga 25 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilganidan keyin kuchaydi. Bu esa o‘tgan yil Shotlandiyada erishilgan YeI – AQSH savdo kelishuvini amalda izdan chiqarishi mumkin.
Hozir AQSH Yevropa tovarlariga qo‘shimcha 10 foiz tarif qo‘llamoqda. Avvaldan mavjud boj bilan birga ayrim mahsulotlar uchun umumiy stavka 30 foizgacha yetgan. Yevropa tomoni bu holat kelishuv ruhiga zidligini ta’kidlamoqda.
Ayni payt Bryusselda ham bahs kuchaygan. Yevropa parlamenti a’zolari tarif imtiyozi faqat AQSH ham o‘z majburiyatini bajargan taqdirdagina kuchga kirishini talab qilmoqda. Shu bois navbatdagi muzokara Yevropa – Amerika savdo munosabati uchun hal qiluvchi bosqich sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo,
O‘zA