Kanada Bosh vaziri Mark Karni bugun AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Muloqot ikki qo‘shni davlat o‘rtasida so‘nggi payt biroz sovuqlashgan munosabatni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Uchrashuv chog‘ida Karni AQSH tomonidan Kanada mahsulotlariga joriy qilingan 25 foizlik tarifga, shuningdek Amerika Kanadani “51-shtat” deb atashiga norozilik bildirib, Kanada “sotilmaydigan” mamlakatligini ta’kidladi.
– Bunday ritorika suverenitetimizni inkor etishdir, – dedi hukumat rahbari.

Shundan so‘ng ikki yetakchi suhbati ijobiy ohangda davom etdi. Tramp muzokaradan so‘ng shunday dedi:
– Menimcha, munosabatimiz juda chuqur bo‘ladi. Kanada “maxsus joy”, biroq tarifni bekor qilmaymiz. AQSHda Kanada mahsulotlariga ehtiyoj yo‘q.
Karni esa umumiy iqtisodiy manfaat mavjudligini eslatib, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlashga chaqirdi. Xavfsizlik va energetika sohalarida strategik sheriklikni rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi.
Ikki rahbar iyun oyida Kanadada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitida ko‘rishishga kelishib oldi. Keyingi uchrashuv o‘zaro taranglikni yumshatishga qaratilgan muhim diplomatik voqea bo‘lishi kutiladi.
M.Sayfullayev, O‘zA