Tehron – Vashington muloqoti: Eron tinchlik rejasiga AQSH javob qaytardi
Eron mintaqadagi keskinlikni susaytirish maqsadida AQSHga 14 banddan iborat tinchlik rejasi taklif qildi. Ushbu keng qamrovli hujjat ikki davlat o‘rtasidagi murakkab diplomatik muloqotning navbatdagi bosqichi sifatida ko‘rilmoqda.
Islom Respublikasi hukumati mintaqaviy mojaroni bartaraf etish va vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida yangi reja taqdim etdi. Bu hujjat Vashington avvalroq bergan 9 bandli taklifga javob o‘laroq ishlab chiqilgan. Tehron tomoni ikki oylik muvaqqat sulhni rad etib, har qanday muammoni 30 kun ichida hal qilish va urushni butunlay to‘xtatish lozimligini talab qilmoqda.
Eron tinchlik rejasi quyidagi muhim talablarni o‘z ichiga olgan:
– AQSH qo‘shinini qo‘shni hududlardan olib chiqish va dengiz qamalini bekor qilish;
– Eronning muzlatilgan mablag‘ini qaytarish va iqtisodiy sanksiyani bekor qilish;
– Harbiy tajovuz qilmaslik bo‘yicha kafolat berish va yetkazilgan zararni qoplash;
– Livandagi harbiy harakatni to‘xtatish va Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni ta’minlash.
Mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy ma’lum qilishicha, AQSH mazkur taklifga Pokiston diplomatik kanallari orqali javob yo‘llagan. Hozir Tehron hujjatni sinchiklab o‘rganmoqda. Shunga qaramay, Prezident Donald Tramp Islom Respublikasi ilgari surgan shartlar qabul qilinishi ehtimoli pastligi, bunday qadam Vashington uchun hozircha maqbul emasligini ta’kidlagan.
Garchi, rasmiy Tehron yadroviy muzokara qayta boshlanganini hali tasdiqlamagan bo‘lsa-da, muayyan hujjatlar almashinuvi o‘zaro diplomatik muloqot uzilib qolmaganidan darak beradi. Ya’ni, mazkur jarayon mintaqadagi keskinlikni pasaytirish yo‘lidagi murakkab, ammo muhim siyosiy qadam sifatida ko‘rilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA