Aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini muvofiqlashtirib borish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilganidan xabaringiz bor. E’tiborlisi, bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda tuman (shahar)larda joriy yilning 15 oktyabridan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyat ko‘rsata boshlagani ayni muddao bo‘lmoqda.
Ushbu markazlar har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, oilalarning ijtimoiy pasportlarini shakllantirish ishlarini amalga oshiradi.
Surxondaryo viloyati Uzun tumanida respublikada birinchi bo‘lib “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdilar. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi inson manfaatlari ustuvorligiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasi ekani ta’kidlandi.
[gallery-14079]
Markazning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M. Olloyorov, Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari I. Safarov, Uzun tuman hokimi X. Bozorov, sektor rahbarlari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA