Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida zamonaviy sharoitlarga ega “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi foydalanishga topshirildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Ergashev, tuman hokimi O.Ataullayev va hudud faollari ishtirok etdi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan joylarda aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Shunga asosan endilikda og‘ir ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.


Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 29 sentyabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tajriba tariqasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari Toshkent viloyatida dastlab Yangiyo‘l va Toshkent tumanlarida ishga tushirilishi rejalashtirilgandi.

– Endilikda 64 ta mahallada 28 nafar ijtimoiy xodim faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi Yangiyo‘l tumani hokimi Odiljon Ataullayev. – Endi hududimizdagi 24 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun 3 nafar ijtimoiy assistent biriktirilgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va xodimlar bilan suhbatlashdi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri