Poytaxtimizda davom etayotgan "UzChess Cup-2025" turnirining kecha o‘tkazilgan 4-tur o‘yinlarining "Masters" guruhida 2 ta g‘alaba, 3 ta durang, “Futures", "Challengers" guruhidagi kurashlarda 3 ta g‘alaba, 2 ta durang natijalari qayd etildi.
Mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning bevosita kuchlilar guruhi sanalgan "Masters"dagi natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Javohir Sindorovning FIDE reytingida 2767 ochko bilan 7-o‘rinda borayotgan Rameshbabu Praggnanandhaaga qarshi qora donalarda harakatlanishi, hind shaxmatchisining ayrim vaziyatlardagi noaniq dona surishi ham Sindorovni mag‘lubiyatdan saqlab qola bilmadi. Oq donalarda bahs olib borgan Rameshbabu 45-yurishda g‘alabani naqd qilgani oydinlashdi.

Ushbu turda Nodirbek Abdusattorov va hindistonlik Arjun Erigaisi qarama-qarshiligidagi o‘yin turnirning markaziy o‘yinlaridan biri sifatida kutilgandi, shunday ham bo‘ldi. Eng uzoq va shiddatli kechgan bahsda Abdusattorov tashabbusni o‘z qo‘liga olishga harakat qilgan bo‘lsa-da, Erigaisining aniq dona surishlari vaziyatni durangga olib keldi.

"UzChess Cup”ning 2024 yilgi g‘olibi hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyevning oq donalarda eronlik Parham Maqsudluga qarshi o‘tkazgan o‘yini avvalida shaxmatchimizning ustunlikka erishishi kutilgandi. Biroq Yokubboyevning kuchli hayajonga berilishi, vaqt tangligi sharoitida xatoga yo‘l qo‘yishi eronlik shaxmatchining foydasiga ishladi hamda uning g‘alabasini ta’minladi.

Terma jamoamiz a’zosi Shamsiddin Vohidov qora donalarda vengriyalik Rechard Rapport bilan ro‘baro‘ kelishi hamyurtimizning durang yoki g‘alabaga bo‘lgan imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarayotgandek edi. Shunday murakkab holatda Vohidov irodasini namoyish etib, raqibiga murosa yo‘lini ko‘rsatdi.

"Challengers" guruhida Jahongir Vohidov qora donalarda Vasiliy Ivanchukni taslim etgan bo‘lsa, Muhiddin Madaminov qora donalarda gretsiyalik Nikolas Teodorouga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Gulruhbegim Tohirjonova xitoylik Ma Kun, Muhammadzohid Suyarov oq donalarda shvetsiyalik Vitaliy Sivuk bilan bir ochkoni teng bo‘lishib oldi.
Bugun, 23 iyun kuni xalqaro turnirning 5-turida Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Aravindh Chithambaram bilan, Shamsiddin Vohidov oq donalarda Erigaisi bilan, Javohir Sindorov oq donalarda Richard Rapport bilan, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda Yan Nepomnyaiy bilan kuch sinashadi.

"Challengers" guruhida o‘tadigan 5-tur uchrashuvida Muhiddin Madaminov va Muhammadzohid Suyarov ro‘baro‘ kelsa, Gulruhbegim Tohirjonova oq donalarda gretsiyalik Nikolas Teodoroudan Madaminovning “alamini olishga” intiladi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda ikkinchi bor tashkil etilayotgan mazkur nufuzli musobaqaning barcha guruhlardagi g‘olib va sovrindorlari 27 iyun kuni aniqlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA