"UzChess Cup 2026": Vohidov va Muhiddinovning shov-shuvli g‘alabasi
Bugun, 12-iyun kuni Toshkentda davom etayotgan “UzChess Cup 2026” xalqaro turnirining "Masters" guruhida o‘tkaziladigan 6-turda Shamsiddin Vohidov oq donalarda Nodirbek Yoqubboyev bilan, Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Neymann Xans Moke bilan, Muhiddin Madaminov oq donalarda Vidit Santosh bilan bahs olib boradi. 6-turda, shuningdek, Yan Nepomnyashiy - Arjun Erigaisi hamda Nikolas Teodoru - Shaxriyor Mamedyarov o‘rtasidagi bahslar bo‘lib o‘tadi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning ortda qolgan 5-turida Shamsiddin Vohidov blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni, rossiyalik Yan Nepomnyashiyni, Muhiddin Madaminov qora donalarda ozarbayjonlik Shaxriyor Mamedyarovni mag‘lub etdi.
5-turning qolgan uchta o‘yinida tomonlar murosa yo‘lini tanladi. Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Arjun Erigaisi, Nodirbek Yoqubboyev gretsiyalik Nikolas Teodoru, hindistonlik Vidit Santosh amerikalik Neymann Xans Moke bilan durangga erishdi.

Bugun boshlanadigan 6-tur o‘yinlari ostonasida Shamsiddin Vohidov 3,5 ochko bilan turnir jadvalida yakka peshqadamga aylanib oldi. Arjun Erigaisi, Nodirbek Abdusattorov va Muhiddin Madaminov hisobida 3 ochko mavjud. Nodirbek Yoqubboyev va Neymann Xans Moke 2,5 ochko bilan beshinchi hamda oltinchi o‘rinlarda harakatlanmoqda.

Xalqaro turnirning “Challengers” guruhida 5 ta tur o‘yinlaridan so‘ng 4,5 ochko jamg‘argan ozarbayjonlik Muhammad Muradli hamon yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, hamyurtimiz Muhammadzohid Suyarov kecha o‘tgan 4-tur bahsida qora donalarda hindistonlik Aditiya Mitalga yutqazib qo‘yishi natijasida 2,5 ochko bilan 6-o‘ringa tushib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat xalqaro turnir musobaqalari 15-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA