«Uzbekiston Global Tour – 2026»ning navbatdagi bosqich g‘oliblari aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi «Universal Horses Stable»da ot klubida «Uzbekiston Global Tour – 2026» musobaqasining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. To‘siqlardan sakrab o‘tish bo‘yicha tashkil etilgan bellashuvlar keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi.
«A» toifasidagi chavandozlar o‘rtasida 130 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan sakrab o‘tish bo‘yicha bellashuvda Xurshid Olimjonov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Alisher Erkinovga, uchinchi o‘rin esa Behzod Ro‘zmuhammedovga nasib etdi.
«B» toifasida 120 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan sakrab o‘tishda Beyjan Bayjon o‘g‘li birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarni Dilshod Shokirov hamda Ashrafxon Nig‘matov qo‘lga kiritdi.
«V» toifasida 115 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan eng yaxshi natijani Nurjan Tuyoqboyev qayd etdi. Alisher Erkinov ikkinchi, Xurshid Olimjonov esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Bolalar o‘rtasidagi «G» toifasida 100 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan sakrab o‘tish bahsida Sevinch Nazarova g‘olib bo‘ldi. Farzona Azimova ikkinchi, Saydali Shukurov uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
«D» toifasida kattalar o‘rtasidagi bellashuvda Alisher Erkinov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ibrohim Yo‘ldoshev va Jasurbek Hotambekov sovrindorlar safidan joy oldi.
Ilk bor ishtirok etayotgan chavandozlar o‘rtasidagi bahslarda Elbek Salayev birinchi o‘rinni egalladi. Yusra Fayz kumush, Tohir Shermuhammedov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Yangi ishtirok etayotgan otlar o‘rtasidagi musobaqada esa Firdavsbek Davronbekov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlarni Alisher Erkinov va Ulug‘bek Usmonov egalladi.
[gallery-28823]
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, medal, kubok hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA