Davlatimiz rahbarining 2025 yil 14 fevraldagi Farmoniga asosan, Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash tashkil etilib, tashqi bozorlarda barqaror talabga ega qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendlarini yaratish va sifatini oshirish orqali eksport hajmi va geografiyasini kengaytirishga doir vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va “Uzagrostar xolding” kompaniyasi “INNOPROM. Markaziy Osiyo” V xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etib, bir qator xorijiy korxonalar bilan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini milliy brend ostida xalqaro bozor rastalariga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Xususan, kompaniya ta’sischiligida tashkil qilingan 16 ta ixtisoslashgan jamiyatlar va loyiha ofislari ham 40 turdan ortiq mahsulotlarning quritilgan va xo‘l holatdagi namunalari (tayyor qadoqlangan holatda) bilan ko‘rgazmada ishtirok etmoqda. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlar ishtirokchilar o‘rtasida katta qiziqishlar uyg‘otdi.
Pirovard natijada, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “Magnit” brendi va “GRT Sonsulting” MCHJ kompaniyalari o‘rtasida memorandum imzolandi. Mazkur hujjatga ko‘ra kelgusida strategik sheriklik, agroagregatorlar orqali mahsulot yetishtiruvchilarning mahsulotlarini milliy brend ostida savdo tarmog‘i rastalariga chiqarishga kelishib olindi. Shuningdek, mahsulotlarni markazlashgan holda agroagregatorlar orqali sotish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari “Magnit” brendi vakillari Yangiyo‘l tumanida “Temirlan Marketing” xorijiy korxonasi binosida mahalliy eksportyorlar bilan uchrashuv ham o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishdi.
Bank axborot xizmati