Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida sifatni oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Xususan, milliy mahsulotlarni yetishtirish, ularni brend sifatida xalqaro bozorlarga olib chiqish, eksport salohiyatini oshirish va fermerlar faoliyatini tizimli tarzda qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
Bu jarayonda esa tomorqa yer egalari, dehqon xo‘jaliklari, ixtisoslashgan agro kompaniyalar va moliyaviy institutlarning o‘zaro hamkorligi muhim rol o‘ynamoqda.
“Uzagrostar xolding” kompaniyasi va “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan tashkil etilgan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish: eksport salohiyatini oshirishda yangi bosqich” mavzusidagi tadbirda muhim yangiliklar, reja va natijalar e’lon qilindi.
Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil 14 fevralda imzolangan farmon va qarorning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ushbu hujjatlar asosida “Uzagrostar xolding” kompaniyasi va uning tarkibida 16 ta ixtisoslashgan kompaniya faoliyat boshladi. Bu esa tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining yagona tizimda faoliyat yuritishiga, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatishga zamin yaratdi.
[gallery-24821]
“Uzagrostar xolding” kompaniyasining asosiy vazifasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yagona brendini yaratish va bu mahsulotlarni xalqaro bozorlarga chiqarish. Buning uchun tuproq tahlilidan boshlab, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda faol amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Bu tizim O‘zbekistonda eksportbop mahsulotlarni yetishtirishni rag‘batlantiradi.
Mazkur tizimda xorijiy ekspertlar ishtiroki ham alohida ahamiyatga ega. Jumladan, 10 ga yaqin davlatdan jalb qilingan 15 nafar xorijiy mutaxassislar “Uzagrostar xolding” va uning hududiy filiallarida agrokonsultant sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu, o‘z navbatida, xalqaro tajribani mahalliy agro amaliyotga olib kirish imkonini bermoqda.
Yana bir muhim tashabbus – Tomorqa maktablari hisoblanadi. 7 ta hududda tashkil etilgan ushbu ta’lim markazlari orqali aholiga zamonaviy dehqonchilik, bog‘dorchilik va uzumchilik ko‘nikmalari o‘rgatilmoqda. Xususan, “Oltiariq – Agrostar” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Uzumchilik maktabi soha bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim berish bilan ajralib turadi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fermer va dehqonlarga yagona tizim orqali xizmat ko‘rsatish, xalqaro tajriba va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqishning poydevori hisoblanadi. “Uzagrostar xolding” kabi yangi tashkil etilgan tizimlar esa bu yo‘lda muhim vositaga aylanmoqda. Kelajakda esa milliy brend ostida eksport qilinadigan mahsulotlarimiz soni va sifati yuksalib, mamlakat iqtisodiy barqarorligiga sezilarli hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
Oybek Pardayev(surat)
O‘zA