Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa uchinchi jahon urushi tomon ketayotganiga ishonmaydi, biroq YeI davlatlari o‘z muhofazasida ko‘proq mustaqillikka erishishlari lozim, deb hisoblaydi. Bu fikrni mulozim Belgiyaning "Le Soir" (Oqshom) gazetasiga bergan intervyusida quyidagi mazmunda bildirgan:
- Yo‘q, biz uchinchi jahon urushi tomon ketmayapmiz, lekin juda xavfli davrda yashayapmiz. Men Yevropada tinchlik va erkinlikni saqlab qolish uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilyapman. Bu mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga nisbatan qat’iyatimizni bildiradi. Haqiqatga tik qarashimiz kerak: dunyo tubdan o‘zgardi va ayni chaqiriqqa javob berishimiz shart. Buning uchun avvalo o‘zimiz va ittifoqchilarimiz, qolaversa raqiblarimizga Yevropa irodali ekani, hududni himoya qilish qobiliyatiga egaligini isbotlashimiz zarur.
Shuningdek, u umumiy harbiy tuzilma yaratish masalasiga to‘xtalib, "YeI qachon o‘z armiyasiga ega bo‘ladi?” mazmunidagi savolga ham javob qaytardi: A’zo davlatlar o‘z qo‘shini uchun – doktrinadan joylashtirishgacha, shuningdek Qurolli kuchlari ehtiyoji masalasida hamisha javobgar bo‘ladi.
S.Rahimov, O‘zA