Urganch davlat universitetiga buyuk alloma va qomusiy olimning nomi berilishi mamlakatimizda Beruniy merosini keng targ‘ib qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomidir.
Abu Rayhon Beruniy jahon ilm-fanining yetuk namoyondalaridan biri bo‘lib, u matematika, astronomiya, geografiya, tarix va boshqa ko‘plab fanlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning ilmiy asarlari nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo miqyosida yuqori qadrlanadi. Universitetga uning nomi berilishi yosh avlodning ilm-fan va innovatsiyaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.
– Qariyb 7 yil oldin boshlangan mazkur xayrli tashabbus davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Prezidentimiz qarorida aks etdi, – dedi Oliy Majlis Senatining fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev. - Jamoani ushbu sharafli e’tirof amalga oshgani bilan samimiy tabriklayman. Ushbu xayrli ish yoshlarga ilmiy izlanishlarda yangi marralarni zabt etishlariga ruhlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz.
[gallery-21331]
Xorazm vohasidagi o‘zining uzoq shonli tarixiga ega bo‘lgan ko‘hna va nufuzli oliy ta’lim muassasasiga Abu Rayhon Beruniy nomining berilishi nafaqat universitet obro‘sini oshiradi, balki talabalarga, yosh olimlarga ulug‘ allomaning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilishda katta mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, oliy o‘quv yurtining xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Beruniy nomi ostida universitet dunyoning yetakchi ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishi, talaba va o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari