«Universiada»: 4 mingdan ziyod talaba maydonga çiqadi
Mamlakatimizda yoşlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etiş, ular örtasida soğlom turmuş tarzini tarğib qiliş, iqtidorli sportçilarni aniqlaş va qöllab-quvvatlaşga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada anʼanaviy «Universiada» sport musobaqalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, 2026/2027 öquv yilida ötkaziladigan «Universiada» musobaqalarining respublika final bosqiçida mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalaridan 4 mingdan ortiq talaba sportning 14 turi böyiça bahs olib boradi.
Mazkur bellaşuvlar talaba-yoşlarning sport bilan muntazam şuğullanişi uçun keng imkoniyat yaratiş, ularning jismoniy tayyorgarligi va sport mahoratini oşiriş, oliy taʼlim muassasalari örtasida soğlom raqobat muhitini şakllantirişga qaratilgan. Şuningdek, musobaqalar jarayonida öz iqtidorini namoyon etgan yoşlarni saralab oliş va ularni professional sportga yönaltiriş uçun ham muhim maydon bölib xizmat qiladi.
Respublika final bosqiçi 2026-yil 1-dekabr kuni Xorazm viloyatida boşlanadi. Musobaqalar 2027-yil 25-aprelga qadar mamlakatimizning turli hududlarida davom etadi.

Musobaqalar taqvimi:
2026-yil:
1–4-dekabr — Xorazm viloyatida şaxmat va şaşka;
9–12-dekabr — Toşkent viloyatida stol tennisi;
15–18-dekabr — Samarqand viloyatida strit vorkaut.
2027-yil:
19–23-yanvar — Jizzax viloyatida belboğli kuraş;
26–30-yanvar — Sirdaryo viloyatida dzyudo;
2–6-fevral — Farğona viloyatida erkin va yunon-rum kuraşi;
16–19-fevral — Namangan viloyatida yengil atletika;
23–27-fevral — Andijon viloyatida kuraş;
2–7-mart — Qaşqadaryo viloyatida futbol;
16–19-mart — Surxondaryo viloyatida badminton;
24–27-mart — Toşkent şahrida stritbol;
6–11-aprel — Qoraqalpoğiston Respublikasida voleybol (erkaklar va ayollar);
13–18-aprel — Buxoro viloyatida gandbol (erkaklar va ayollar);
20–25-aprel — Navoiy viloyatida basketbol (erkaklar va ayollar).
Taʼkidlaş joizki, bunday ommaviy sport musobaqalari yoşlarning böş vaqtini mazmunli taşkil etiş, ularda iroda, intizom va jamoaviylik fazilatlarini şakllantirişga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, talabalar sporti orqali yangi isteʼdodlarni kaşf etiş, mamlakatimiz sport zaxirasini munosib nomzodlar bilan boyitiş imkoniyati kengayadi.
Javohir Toşxöjayev,
ÖzA