Samarqand shahridagi "Olimpiya" stadionida "Universiada–2025" sport musobaqasining yengil atletika yo‘nalishi bo‘yicha respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri hamda respublikamizning turli viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarining eng kuchli talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Musobaqaning so‘nggi kunida 200, 800 va 3000 metr masofalarga yugurish bahslarida Jonbibi Xukmova, Dinara Anvarova, Dilafruz Mirazimova, Umidjon Nabiyev, Nomozbek Bobomurodov va Akmal Ochiqqo‘lov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasidagi 100 metrga va erkaklar o‘rtasida 110 metrga to‘siqlar osha yugurish bellashuvida esa O‘g‘iloy Norboyeva hamda Nodir Norboyev birinchi o‘rinni egalladi.

Balandlikka va uch hatlab sakrash yo‘nalishlarida Barnoxon Sayfullayeva, Rayhona Hamroyeva, Quvonch Rajabov va Ibrohim Mahkamov musobaqa g‘oliblariga aylanishdi. Shuningdek, yadro uloqtirish bo‘yicha bahslarda ham O‘g‘iloy Norboyeva va Nodir Norboyev eng yaxshi natija bilan shohsupaga ko‘tarildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA