Germaniyada davom etayotgan XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarining ikkinchi kungi bahslari vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.
Jumladan, badiiy gimnastika bo‘yicha ko‘pkurash yo‘nalishida Taxmina Ikromova hamda 50 metr masofaga batterflyay usulda suzishda Eldorbek Usmonov kumush medalga ega chiqdi.
Natijada O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur musobaqadagi dastlabki medallariga sazovor bo‘ldi. Shuningdek,tennis bo‘yicha juftliklar o‘rtasida Maksim Shin va Amir Milushev tandemi ugandalik Solomon Kazibve va Frank Tayibvani 2-0 hisobida yengdi.

Bugun, 19 iyul kuni XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida Taxmina Ikromova to‘pda, halqada, bulavada va tasmada mashq bajarish bo‘yicha final bosqichida medallar uchun raqobatlashadi.
Tennis bahslarining yakkalik bellashuvlarida Maksim Shin ikkinchi davrada Janubiy Koreya vakili Vungbi Lini sinovdan o‘tkazsa, Darya Shubina fransiyalik Elisa Robga qarshi kortga chiqadi. Juftliklar o‘rtasida Sabrina Olimjonova hamda Darya Shubina dueti hindistonlik Saumya Ronde va Rutuparna Choudxuri bilan to‘qnash kelsa, M.Shin va A.Milushev neytral tennischilar Yegor Agafanov va Ilya Smakin bilan kuch sinashadi.

Musobaqaning stol tennisi yo‘nalishida Marhabo Magdiyeva, Mahriniso Norqulova, Ro‘zimuhammad Rahmonov, Shohrux Iskandarov bahslarga kirishadi.
Taekvondo WT bo‘yicha Umidjon Turobov (68 kg), Zuhra Tojimatova (46 kg) va Madina Mirabzalova (57 kg) o‘z ishtirokini boshlaydi. Darvoqe, brass usulda 200 metr masofaga suzish bahslarida hamyurtimiz Roman Berkovich o‘z omadini sinab ko‘radi.

Ma’lumot o‘rnida: “Universiada-2025” musobaqasining o‘tgan ikki kuni yakuniga ko‘ra, AQSH delegatsiyasi 5 ta oltin, 3 ta kumush, 8 ta bronza medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi bo‘lib turibdi. Janubiy Koreya esa 3 ta oltin, 4 kumush va 2 ta bronza bilan ikkinchi, xitoylik talabalar esa 2 tadan oltin va bronza hamda 4 kumush medalni qo‘lga kiritgan holda kuchli uchlikdan joy olgan. Neytral maqomdagi sportchilarda esa 3 oltin va 1 bronza medal bor.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA