Ulug‘ daryo
Qashqadaryo...
Qadimiy Qashqa vohasining shimoli-sharqidan to janubi-g‘arbiga qadar cho‘zilgan; tog‘u toshlar, o‘ru qirlar, dashtu dalalar quchog‘ida shamshirday yaltirab yotgan jo‘shqin daryo.
Ilk qudratni Hisor tizma tog‘larining qorli cho‘qqilaridan olguvchi bu nahri nodir Hazratiboshir qishlog‘iga yetganida Jinnidaryo, Tanxozdaryo, Langardaryo, Uradaryo, Qumdaryo, G‘uzordaryoga, yanayam quyiroqqa enganidan keyin esa Sho‘robsoy, Makridsoy, Oyoqchisoy, Qalqamasoylarga bo‘lib beradi quchog‘idagi bor nozu ne’matlarini.
Bir yoni Samarqandu Buxoro, bir yoni Surxondaryo-yu Turkmaniston, yana bir tomoni Tojikistonga tutashib ketgan qadimiy o‘lka – Qashqadaryo viloyati ham mana shu saxiy daryo nomi bilan ataladi. Vohaning tarixi – «ming asrlar ichra pinhon» – olisdan olis. Qajartepa, Mo‘ydintepa, Yerqo‘rg‘on, Kesh, Naxshab kabi ko‘hna manzilgohlardan topilgan yodgorliklar, hatto, paleolit davrida ham bu zaminda odamlar yashagani; Bo‘rjarsoyning quyilish qismida esa miloddan avvalgi 9-8- asrlarda, ya’niki bronza davrlarida dehqonchilik behad rivojlanganidan darak beradi. So‘g‘d madaniyatiga oid buyumlar, arshakiylar hukmronligida zarb etilgan tangalar ham Qashqadaryo ildizlari benihoyat chuqur ekaniga guvohdir.
Lekin kun ko‘rish, qora qozonni qaynatish, bola-chaqa boqish hech bir zamonda oson bo‘lgan emas. O‘zbekning ulug‘ shoiri, Qashqadaryo farzandi Abdulla Oripov kuyunib kuylagandek:
Bosh ustingdan o‘tdi ko‘p zamon,
O‘tdi Budda, o‘tdi Zardushti.
Har uchragan nokasu nodon,
Ona xalqim yoqangdan tutdi.
Shunday bo‘ldi. Bosqinchi zoti borki, yoqadan tutdi: Iskandar tutdi. Qutayba tutdi. Chingiz tutdi. Son-sanoqsiz dahmalar qoldi ulardan. Keyin chorizm, undan keyin kommunizm qurmoqchi bo‘lgan xomxayol va shabko‘r sho‘rolar... Tutdi. Urdi. So‘kdi. Taladi. Boyligi talandi, uyi talandi, gazi talandi, nefti talandi, paxtasi talandi, doni talandi, noni talandi. Shundan keyin ham qonmadi – qoniqmadi qonxo‘r ishtahalar. Sibirga surgun qildilar, zindonlarga tiqdilar begunoh jonlarni. Birgina «paxta ishi» degan uydirma qirg‘in-qatag‘onning o‘zida ne-ne oilalar vayron qilindi, onalar bolasidan, akalar ukasidan ayrildi, xo‘rlandi, haqoratlandi, o‘ldirildi...
Davtoshi marganetsga, Yakkabog‘i toshko‘mir, boksit, asbestu ohakka, Gavxonasi kaliyga, Shahrisabzu Kitobi marmar, grafit, simobu rangli metallarga, Qarshi, Koson, Chiroqchiyu Dehqonobodi gaz va neft konlariga, alqissa, har qadami javohirot xazinalariga makon bo‘lgan o‘lkaning mehnatkashlari yillar davomida kambag‘al-qashshoq bo‘lib qolaverdi. Daryo-daryo gazu neftini ochofatlarcha talagan kazzoblar yurdi kekirib. «O‘zi pishirgan taomi o‘ziga nasib etmagan, birovlarni kiygizib, o‘zi kiymagan, yulduzni kashf etib avom nomini olgan» yurt egalari esa tappi-tezak tutatib, ro‘zg‘or tebratishga majbur bo‘ldilar.
2
Lekin oftob poymol o‘lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri.
Mustaqillik Oy nurlari bilan nurafshon etdi qadim Kesh osmonlarini.
Sho‘rolar zamonida goh Buxoroga, goh Surxondaryoga qo‘shib yuborilgan va nihoyat, 1964 yilda yana alohida viloyat maqomiga ega bo‘lgan qadimiy Kesh uyg‘ondi.
Uch yarim milliondan ziyod xalqni yelkasida opichlab turgan zamin uyg‘ondi.
O‘zbekistonda qazib olinadigan tabiiy gazning 88, neftning 92, kondensatning 99,6, oltingugurtning 100 foizini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 10,2 foizini, jumladan, paxtaning 11,8, g‘allaning 12, qorako‘l terining 19 foizini yetkazib beradigan saxovatli hudud uyg‘ondi.
«Uyquchi Olimxon»ga o‘xshagan yerga bitta cho‘p qadamagan amirlar, xonlar daстиdan qultum suvga tashna cho‘lu biyobonlarga bahor havolari kirdi. «Lablari xandonu tubida dog‘i yashirin» lolalarning chehrasiga tabassum indi.
Shuvoqlaru yulg‘unlar orasida qunishib yotgan, «nasrga yarashmasa, nazmga yarashmay»digan sahro jonzotlariga jon kirdi.
Cho‘llarda ilaklar, qo‘ng‘irboshlar, qizilcha-yu saksovullar g‘uncha tugdi. Adirlarda yaltirboshu qo‘ziquloqlar, tog‘larda archa-yu bodomlar, ravochu zaranglar, pista-yu zirklar ko‘kladi. Qoratepa, Chaqalikalon, Osmontarosh, Yakkabog‘, Ko‘kbuloq, Chaqchar, Деҳқонobod, Kitob, Shahrisabz, Hisor daralarida bo‘ri-yu tulkilar, jayra-yu jayronlar, oq tirnoqli ayiqlaru morxo‘r echkilar, burgutlaru tustovuqlar, kakliklaru yapaloqqushlar ovozi eshitila boshladi.
Mehnatkash xalqning zanjirband qo‘llari yechildi, qulfi dili ochildi. Bilagiga kuch, beliga quvvat kirdi. Eranlar astoydil bel bog‘ladi go‘zal va afsonaviy qo‘rg‘onlarini obod qilishga. Bel bilan bilak birikdi, besh barmoq yig‘ilib musht bo‘ldi, ko‘p birikib el bo‘ldi, el birikib sel bo‘ldi, ip ipga qo‘shilib arqon bo‘ldi, qayrag‘ochlar qalin bo‘ldi, qishloqlar serdaraxt bo‘ldi, qo‘llashib ko‘targan yuk yengil bo‘ldi, inoqlik qut-baraka opkelaverdi.
Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek davrida Shahrisabzda qurilgan saroylar, maqbaralar, machitlar qatoriga 600 yil o‘tib yana cho‘qqilar bilan bo‘ylashgulik salobatli imoratlar birin-ketin qad rostladi, vohaning olis va chekka ovullarida ko‘pkarili to‘ylar «yor-yor»larga ulanib ketdi.
– Ayniqsa, oxirgi yillarda misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilyapti. Qashqadaryo tarixida hatto Sohibqiron bobomiz Amir Temur zamonida bo‘lmagan ishlar bo‘lyapti, – deydi qashqadaryolik faxriy jurnalistlardan biri Husan Temirov ayricha iftixor bilan. – Oxirgi yetti yilda yetmish yillik manzildan o‘tib qo‘ydik.
Oxirgi yillar...
Mana shu qisqa, juda qisqa muddat nafaqat Qashqadaryoga, balki butun Ўзбеkiсtoнga yangi davr darvozalarini katta ochib yubordi. Asrlar bo‘yi qaramlikda yashagan, hatto, mustaqillikdan keyin ham boshqa davlatlardan orqada qolgan Vatanimizni dunyo ahli qaytadan tanidi, tan berdi.
Birgina Qashqadaryoning o‘zida iqtisodiyot besh yilda 3 karraga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan hududiy mahsulot hajmi 2,5 karraga o‘sdi.
Qulay investitsiya muhiti yaratilishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlari, sanoat korxonalari soni 3 baravarga ko‘payib, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 20 trillion so‘m kreditlar ajratildi; qariyb 1,5 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, kreditlar o‘zlashtirildi; dunyoning 55 ta davlatiga Qashqadaryoda ishlab chiqarilgan 1,4 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi; 650 ta mahalla hududidagi jami uzunligi 7 ming kilometrlik yo‘l, 103 ta ko‘prik ta’mirlandi, 530 ta mahalladagi 400 mingta iste’molchining elektr, 214 ta mahalladagi 1 million 200 ming nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Yana qator-qator bog‘lar, xiyobonlar, ko‘chalar, qo‘rg‘onlar...
– Yutuqlarimiz qamrovi Qarshi cho‘llaridan keng, Hisor tog‘laridan baland! – дейди yana bir qashqadaryolik jurnalist Abdujalol Taypatov. – G‘alabalarni, muvaffaqiyatlarni bizga o‘xshash jurnalistlar hecham o‘xshatolmaydi. O‘xshatib yozish uchun kamida yana bitta Abdulla aka – Abdulla Oripov kerak!
Abdulla Oripov!
O‘zbekning Sharqu G‘arbdagi ulug‘ daholarining kenjasi.
«Munajjimlarning hisoblaricha, har 800 yilda yulduzlar turkumi muayyan bir tartibda joylashadi, ya’ni ular kiyik shakliga kiradi, – degan edi Abdulla Oripov jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatlarining birida. – Falakiyot olamida yuz beradigan ana shu hodisa kunida tug‘ilganlar Sohibqiron bo‘lar ekan. 800 yillikning birida Iskandar Zulqarnayn, yana birida payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom, boshqasida esa Amir Temur hazratlari tug‘ilgan degan sanoqni keltirishadi. Bu borada ma’lum bir qonuniyat mavjudmi-yo‘qmi, bu xususda bir gap aytish mushkul».
Albatta, mushkul. Ammo Amir Temur bobomizdan keyin oradan 605 yil, Alisher Navoiy hazratlaridan so‘ng 500 yil o‘tib Abdulla Oripovning dunyoga kelishida ham qandaydir ilohiy sir – hikmat bordek tuyuladi menga. «Temur tig‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher». Temur tig‘i yetmagan, ammo Navoiy hazratlari qalam bilan zabt etgan bepoyon dunyolar uzra mana endi Navoiy navolariga esh bo‘lib Abdulla Oripov she’rlari yangramoqda. Yillar o‘tgani sayin Allohim Abdulla Oripov dahosini ham bizga bekorga in’om etmagani ayonlashib borayotir. Zotan, Abdulla Oripovning bu zaminda tug‘ilishi ham sira-sira tasodif emas.
Sharq fuzalolari «ilm va adab qubbasi» deb ta’riflagan Qashqadaryo nafaqat yerosti-yu yerusti boyliklari, balki qadim-qadimdan ma’naviyat bo‘stoni sifatida ham dunyoga mashhur bo‘lgan. Nasaf hadisshunoslik maktabi Marv, Buxoro, Samarqand maktablaridan keyin hadisshunoslikning Markaziy Osiyodagi to‘rtinchi dorilfununi hisoblanadi. Jahon ilmiga bebaho hissa qo‘shgan Nasafiylar shu yerda kamol topgan. Xusrav Dehlaviyu Mirzo Bedil, Ziyo Naxshabiyu Sayido Nasafiydek taniqli shoirlarning tub ildizi, Yer yuzidagi beshta rasadxonaning biri bo‘lgan – Mirzo Ulug‘bek nomidagi ulug‘ koshona ham shu farahli o‘lkada.
Vohada bulardan tashqari yana 1197 ta arxeologiya, 208 ta arxitektura, jami 1468 ta madaniy meros ob’ekti, tarixiy manzillar, ziyoratgoh va qadamjolar bor.
Qashqadaryo baxshichilik maktabi esa bebaho doston – o‘xshashi yo‘q doston! Abdulla baxshi Nurali o‘g‘li, Tog‘ay baxshi, Zoir baxshi Qo‘chqor o‘g‘li, Umir baxshi Safarov, Azim shoir Xo‘-jayev, Shomurod baxshi Tog‘ay o‘g‘li, Qahhor va Abdumurod Rahimovlar do‘mbirasin sayratganda, cho‘l mavolari to‘lg‘anadi. Ovozi Turkiya, AQSH, Rossiya, Fransiya, Hindiston, Мўғулисtoнdan oshib ketgan Qodir baxshi Rahim o‘g‘li imranib kuylagan qo‘shiqlarni eshitganda esa hali-hanuz to‘qaylar qirg‘ovullar xonishiga ko‘miladi, yulduzlar sargashta bulbullarning beusul kuylariga mast bo‘lib raqsga tushadi, ko‘kka tikilgan ming yillik chinorlar baxshiyona chayqaladi, daralar dilxush navolarga to‘ladi, ruhiy olam junbishga keladi.
Mumtoz taronalar og‘ushida mehmondo‘st qashqadaryoliklar dasturxoni atrofida cho‘kka tushib Chiyal yaxnasi-yu G‘uzor tandiridan bahramand bo‘lish esa... Do‘stlar, ayting, qayda bor bunday rohat, bunday mo‘’jiza?
3
Bor!
Bu mo‘’jizai asl ham Qashqadaryoning o‘zida. U yulduzlar chug‘urlashib tafsilot so‘ylab turgan Qarshi cho‘llarining oqshomlarida. Saratonning yonib turgan kunlarida saroblar jimirlab, ko‘hna sardobalardan tutunlar chiqib turgan jaziramadan keyingi cho‘l oqshomlari shu qadar go‘zal, shu qadar yoqimli bo‘ladiki, nafas olib to‘ymaysan, simirib to‘ymaysan, yayrab to‘ymaysan! Ko‘zni yumib, bir tasavvur qiling: quyosh botgani hamono cho‘lu bog‘larni, dashtu dalalarni, qiru adirlarni baxmaldek sokin tun qoplaydi, kun bo‘yi tandirday qizib yotgan ma’vo buloq suvidek salqin shabadaga ko‘miladi.
Bilmaganlar bilib qo‘ysinlar-ki, Qashqadaryo zaminida bir vaqtning o‘zida yilning to‘rtta faslini kuzatish mumkin. Kitob, Shahrisabz tog‘lari qorga burkanib yotganda, Qarshi cho‘llarida saraton kezinadi. O‘sha paytda Yakkabog‘da bahor, Tallimarjonda esa saxiy yoz tarovati hukmron bo‘ladi. Shoirlar ham, rassomlar ham ojizlik qiladilar bunday betakror manzaralarning ta’rifu tavsifiga.
Shunday farahbaxsh lahzalarda Hisorning serviqor zirvalariga chiqib, tepada qalqib turgan bepoyon osmon ostidan pastliklarga ko‘z tashlagan odam yana bir mo‘’jiza bilan yuzma-yuz keladi: voha million-million chiroqlarga to‘lgan. Yuzduzlar osmondagi azaliy ko‘shkini tark etib, zaminga sochilib ketgandek go‘yo!..
Ana shunda sezasiz, his qilasiz, ko‘rasiz sarbaland bu o‘lkaning qanchalar o‘sib, baxtga to‘lib borayotganini. Va mabodo mo‘’jiza ro‘y berib, Amir Temur hazratlari sadoqatli tulpori «Kuno‘g‘lon» bilan bir zamonlarda chang-to‘zonlar ko‘tarib o‘tgan Qarshi, Nishon, Sandiqli qum, Qo‘ng‘irtov, Kosontov, Maymoqtov, Aloviddintov cho‘llariga kelib qolgudek bo‘lsalar, qay holatga tushar ekanlar, degan o‘y kechadi ko‘nglingizdan. Shunday sinoat sodir bo‘lsa, Sohibqiron hazratlari olti yuz yildan so‘ng dilidagi asriy orzu-armonlari ro‘yobga chiqayotganini, istiqlolimizni, millatimizning qaddi tiklanayotganini ko‘rib, terilariga sig‘may ketgan bo‘lardilar.
Axir, voha eski choponini yechdi, bilagini shimardi, belni mahkam bog‘ladi – ishga kirishdi. Shu o‘rinda yana ayrim raqamlarni tilga olishga to‘g‘ri keladi. Qarang, qisqa vaqtda 16 ming xonadondan iborat 470 ta ko‘pqavatli uy qurildi; 434 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 83 ming nafar o‘quvchi o‘rni yaratildi; bog‘chalar soni 7 karraga ortib, 4 ming 200 tadan oshdi; xorijlik turistlar soni yarim millionga, turistik xizmatlar eksporti esa 100 million dollarga yetdi. Bu raqamlar kelajak uchun to‘kilayotgan peshona terining ilk mevalaridir.
Agar bu raqamlar, bu mevalar 2016 yildagi hosil bilan qiyoslansa, ulkan xirmonning salobati yanayam yaqqolroq ko‘rinadi.
Markazlashgan ichimlik suv ta’minoti 2016 yilda 21,9 foiz edi, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 65,2 foizga yetdi. Kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 2016 yilda 13 ming 785 ta edi, 2024 yilda 24 ming 423 taga ko‘paydi.
2016 yilda kichik sanoat zonalari, yoshlar tadbirkorlik sanoat zonalari degan gaplar qashqadaryoliklarning lug‘atida ham yo‘q edi. Bugun esa ularning soni 80 dan oshib ketdi.
Shu yillar ichida maktabgacha ta’lim muassasalari soni 326 ta dan 3879 taga ko‘paydi. Birgina 2024 yilning o‘zida 32 ming nafar fuqaroga 598,5 milliard so‘mlik kredit ajratildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida issiqxonalarni ko‘paytirish, meva-sabzavot va bog‘dorchilikni, chorvachilik va parrandachilikni, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish hamda zarur asbob-uskunalar sotib olish yo‘lidagi 20844 loyiha uchun 438,1 milliard so‘m taqdim etildi. Bundan tashqari, xizmatlar sohasini kuchaytirishga 86 milliard so‘m, hunarmandlik sohasiga 51 milliard so‘m berildi. 20 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi. Eng muhimi, yer o‘z egalariga berildi. Bir yilning o‘zida 7 ming gektardan ziyod maydon ijara asosida uzoq muddatga dehqon xo‘jaliklari uchun ajratib berildi.
Mahallalarda kichik ishlab chiqarish, xizmat va savdo ob’ektlarini tashkil etish uchun 1 trillion 470 milliard so‘mlik 25582 ta mikroloyiha ishga tushirildi hamda 43 mingdan ortiq ish o‘rni ochildi.
Yil avvalida 103 ming kambag‘al oila bo‘lib, kambag‘allik darajasi 11,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, mazkur sa’y-harakatlar tufayli bu ko‘rsatkich 8 foizga tushdi.
4
Endi haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, nega nafaqat qadim Qashqadaryo ahli, balki har siqim tuprog‘i oltinga teng Turkistonu Turon xalqlari yuz yillar mobaynida chaylalarda yashadilar? Nega biri ikki bo‘lmadi? Nega bundan-da g‘arib bo‘lgan boshqa davlatlar, masalan, Janubiy Koreya, Yaponiya yoki bir hovuchgina aholisi bo‘lgan Singapur 30-40 yil ichida jahondagi eng boy davlatga aylanib ketdi? O‘tgan asrning o‘rtalarigacha qashshoq bo‘lgan Xitoy-chi? U qanday qilib bugun butun dunyoni qoyil qilayotir? Xitoy davlati 1990 yildan buyog‘iga qanday qilib 730 million fuqarosini kambag‘allikdan qutqazdi? 1990 yilda qashshoqlik darajasi 66,6 foiz bo‘lgan bu davlat qay yo‘sinda ko‘rsatkichni 2 foizdan ham pastga tushirdi?
Xitoy bilan bog‘liq yana bir xarakterli haqiqat: bundan 600 yillar avval, ya’ni 1500-yillarda Xitoy dunyoda eng rivojlangan davlatlardan biri bo‘lgan. Uning iqtisodiyoti o‘sha paytlarda jahon yalpi ichki mahsulotining 25 foizini tashkil qilgan. 1950 yilga kelganda esa bu ko‘rsatkich 5 foizga tushib qolgan. O‘tgan asrning 50-60-yillarida «arslon» yana uyg‘ondi, uning global ichki mahsulotdagi ulushi 19 foizdan oshdi. O‘sish tarixi katta reformator Den Syaopin nomi bilan bog‘liq, deyishadi jahon siyosatchilari. Darhaqiqat, Den Syaopinning 1970 yillarda ilgari surgan islohotlari ko‘p yillar harakatsiz yotgan iqtisodiy gigantni ozodlikka chiqarib yubordi. Xitoy shu darajada yuksaldiki, hatto «Vashington Post» gazetasi «Xitoy Amerikaning ilm-fandagi hukmronligiga tobora ko‘proq soya solmoqda» deb yozishga majbur bo‘ldi. Yana o‘sha gazeta alohida ta’kidladiki, keyingi vaqtlarda AQSHning eng nufuzli muassasalaridagi ko‘plab olimlar laboratoriya tashkil etish uchun Xitoyga ketib qolmoqda...
Xitoyning taraqqiyot yo‘llari nimalari bilandir Yangi O‘zbekiston yo‘llariga o‘xshab ketadi.
Shavkat Mirziyoyevning Prezident etib saylanishi ham mamlakat havolarida quyuqlashgan tumanlarni tarqata boshladi. Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha menejeri Entoni Sliv Bauyer bu o‘zgarishlar jarayonini xolisona baholagan. U bunday deydi:
«Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yildan boshlab O‘zbekistonda qarorlar qabul qilish jarayonini o‘zgartirish, fuqarolik jamiyatini jonlantirish, siyosiy raqobatni rag‘batlantirish, inson huquqlari masalalarini hal etish va mamlakat maqomiga mos fuqarolik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha jadal siyosat olib bormoqda.
Hozir amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning ildizi Mirziyoyev 2003 yil Bosh vazir lavozimiga tayinlanishi bilan bog‘liq. U milliy-siyosiy munozaralar natijasida qilgan xulosalari asosida jimgina ishladi, chunki mamlakatda o‘zining ulkan salohiyatidan foydalanishiga to‘siqlar bor edi.
Prezident tomonidan taklif etilgan va hozir amalga oshirilayotgan ko‘plab daстурлар ichki siyosiy landshaftni qayta shakllantirish, fuqaro va davlat o‘rtasidagi tub munosabatlarni o‘zgartirish hamda uzoq vaqtdan beri tashqi qudratli kuchlar ta’siri ostida bo‘lgan mintaqada geosiyosiy tartibni qayta muvozanatlash maqsadini ko‘zlagan.
2016 yil dekabr oyidagi Prezident saylovi oldidan bo‘lib o‘tgan saylovoldi tashviqoti jarayonida Mirziyoyev xalqqa xizmat qiladigan, ochiq va shaffof tamoyilga asoslangan hukumatni shakllantirish yo‘lidan bordi. Bu mustaqil O‘zbekiston va boshqa ko‘plab sobiq sovet respublikalari tajribasidagi yangilik edi».
Siyosatchi aytganidek, O‘zbekiston Prezidenti boshlagan ishlar nafaqat sobiq sovet respublikalari, balki jahonning boshqa mamlakatlari uchun ham ibratli edi. Ammo maqsadga erishish – oldindagi son-sanoqsiz muammolarni yengish, changu to‘zonlarga chidash, pastu baland yo‘llarni orqada qoldirish... Va yana katta karvon ichidagi bir tomchi suvни daryo bilguvchi qumursqa mijozlarni, igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqadigan nodonlarni, hovuzni bir kesak bilan loyqalatib tashlayman deguvchi kaltabinlarni (garchand undaylar dengizdan tomchi kabi esa-da) to‘g‘ri yo‘lga undash, safga tortish oson bo‘lmadi.
Ish – ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirishdan boshlangani bois mamlakatda tadbirkorlar safi kengaydi. Ilm-fanga, innovatsiyaga, hayotning barcha jabhalariga e’tibor kuchaydi. Infratuzilmadagi oqsoqlik, innovatsiya va sarmoya kiritishdagi xatoliklar tuzatildi, bozor yaratish, sifatsiz ta’lim va sog‘liqni saqlashdagi kamchiliklarga barham bera boshlandi. Eng muhim tamoyil – munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratilib, yuqori ijtimoiy harakatchanlikni ta’minlaydigan adolatli jamiyat poydevoriga dastlabki g‘ishtlar qo‘yildi. Qulay muhit tufayli yangi shakllanayotgan bozorlarda muvaffaqiyatli loyihalar paydo bo‘ldi, investorlar keldi, innovatorlar ko‘paydi.
«Inson qadri uchun» formulasi bilan «Inson – jamiyat – davlat» tamoyillari Yangi O‘zbekistonning chin g‘oyasiga aylandi. To‘plangan tajribalar esa «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini dunyoga keltirdi.
Men bu yerda yangicha yondashuv tufayli 2030 yilgacha O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishi kamida 6 foizga, miqdori esa 200 milliard dollarga yetkazilishi, kambag‘allik qisqarishi, aholi farovonligi bir necha barobarga oshishi borasidagi aniq rejalarga to‘xtalmayman. Zero, ular alohida maqolalarning mavzularidir.
Hozir so‘z Qashqadaryo haqida borayotir. Gapning rosti shuki, Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan keyin vohadagi ijtimoiy-siyosiy iqlim tamomila yangilandi. Yangilanish ildizlari Prezidentning viloyatga qilgan tashriflariga bog‘lanib ketadi. Prezident 2017-2024 yillar davomida Qashqadaryo viloyatiga 11 marta tashrif buyurdi.
Tashriflarning har biri, badiiyroq ifodalaganda, hali ochilmagan buloqlarning ko‘zlarini ochdi. Bog‘larga bahor havolarini olib kirdi. Mudroq ko‘ngillarni uyg‘otdi. Masalan, 2017 yilgacha O‘zbekistonning qariyb 20 foiz paxtasi yetishtiriladigan vohada arziguday to‘qimachilik korxonasi yo‘q edi. 2016 yilning adog‘ida Qarshi tumanidagi «LT Textile International» xorijiy korxonasi, 2017 yilda Qarshi shahridagi «Sulton Tex Group» MCHJning to‘qimachilik korxonalari, undan keyingi yillarda Qarshi tumanidagi «KHILAL TEX» LLC, «Qarshi Agro klaster» MCHJga qarashli «Iyman tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati, Koson tumanidagi «Koson Baxt Tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z фаолиятини boshlab yubordi. Natijada avvallari yetishtirilgan 400 ming tonna paxta xomashyosining 53 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich endilikda 100 foizga yetdi.
5
Kelgusidagi rejalar bundan-da katta, bundan-da salmoqli.
2025 yilda birgina tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun 26 ming fuqaroga 616 milliard so‘mlik imtiyozli kredit beriladi. Barqaror daromad manbaini yaratish uchun 4141 kishiga 25,2 milliard so‘mlik subsidiya ajratiladi. 21,5 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha o‘qitiladi. Aholi daromadini oshirish uchun dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish maqsadida paxta va g‘alladan qisqartirilgan 5850 gektar yer 11 ming 700 nafar kishiga bo‘lib beriladi. Mahallalarda 33 mingdan ortiq mikroloyiha amalga oshirilib, 66 ming nafar kishining bandligi ta’minlanadi. Yangidan 6820 ta yuridik maqomdagi va 8395 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etiladi. Maqsad 2025 yilda 21 ming 797 ta oilani kambag‘allikdan chiqarishdir. Buning uchun barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish orqali 83 ming 795 kishi ishli bo‘ladi. Natijada yil oxiriga borib kambag‘allik ko‘rsatkichi 6,4, ishsizlik darajasi 5,4 foizgacha pasayadi.
Katta rejalar katta harakatlarni va mavjud muammolarni joy-joyida hal qilishni talab qiladi. Lekin muammolar ham oz emas. Misol uchun, viloyatda umrguzaronlik qilayotgan 3,6 million aholining 1 million 847 mingga yaqini ish bilan ta’minlangan esa-da, yana 83 ming kishiga ish topib berish lozim. Yuz-yuz chaqirimlab yo‘llarni tuzatish, maktablar qurish, bog‘chalar sonini ko‘paytirish, xonadonlarni toza ichimlik suv, gaz, elektr bilan ta’minlash...
Biroq oila ahil bo‘lsa, omad o‘z oyog‘i bilan keladi, deyishadi bobolarimiz. Davlatning kuchi – og‘iz birlikda. Ko‘p tikilsa, ko‘l bo‘ladi, ko‘p biriksa, el bo‘ladi, el biriksa, sel bo‘ladi. Yerosti va yerusti boyliklari behisob bo‘lgan qashqadaryoliklarning tili ham, dili ham, maqsadu muammolari ham bitta – xuddi bir kemaning jon-tani bir jasur dengizchilari kabi. Amir Temurdek sarkardalari, Abdulla Oripovdek shoirlari, Qodir baxshidek baxshilari, kuragi yerga tegmagan dongdor polvonlari, mirishkor dehqonlari, bog‘bonlari, mamlakatninig yarmini go‘sht bilan ta’minlab turgan mohir chorvadorlari, g‘ururi Oqsaroy kabi baland odamlari bo‘lgan bu o‘lka baland cho‘qqilar tomon ildam odimlar tashlamoqda.
Ilojin topsa agar,
ketmonning dastasin ham
Yerga qadab termulib,
ko‘kartirguvchi bu xalq.
Jazm etsa ko‘kka bo‘yar
jahon xaritasin ham,
Bugun cho‘lga chiqibdi,
niyati topsin barhaq.
Shunday – Abdulla Oripov ardoqlagan mard, tanti, chapani, bir so‘zli, va’dasida turadigan, qo‘li ochiq, mehmondo‘st qadim Qashqadaryo xalqining niyati, albatta, barhaq topadi, ushaladi. Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Sho‘rtan neft va gaz ishlab chiqarish boshqarmasi, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi kabi Markaziy Osiyoda qiyosi yo‘q korxonalari bo‘lgan Qashqadaryo Ulug‘ daryo bo‘ladi hali!
Zotan:
Xalq dengizdir,
Xalq to‘lqindir,
Xalq kuchdir.
Abdusaid KO‘CHIMOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi