Ukraina Rossiyani tinchlik rejimini buzishda aybladi
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga 6-mayga o‘tar kechasi joriy etilgan “tinchlik rejimi” RF tomonidan buzilganini ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, tun davomida mamlakat hududiga 3 ta raketa va 100 dan ortiq dron orqali zarba berilgan. Hujum Xarkov va Zaporoje shaharlarini ham qamrab olgan. Havo himoya tizimlari 80 dan ortiq dronni yo‘q qilganiga qaramay, ayrim hududlarga jiddiy zarar yetgan.

Ukraina favqulodda vaziyatlar xizmati Dnepropetrovsk viloyatida to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Yana o‘nlab inson jarohat olgan. Sumi viloyatida esa dron zarbasi oqibatida yana bir fuqaro halok bo‘lgani oshkor bo‘ldi.
Kiyev mazkur “tinchlik rejimi”ni Rossiya tomonidan 8–9-may kunlariga taklif etilgan bir tomonlama “may oyi sulhi”ga javob sifatida ilgari surganini bildirgan edi. Rossiya tomoni tungi hujumlar yuzasidan hali rasmiy munosabat bildirmagan.
D.Hakimov, O‘zA