Uitkoff Putin bilan muzokara o‘tkazish uchun Rossiyaga keldi (+video)
AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Vladimir Putin bilan muzokara olib borish uchun Sankt-Peterburgga keldi. Bu haqda DW xabar berdi.
Muloqotda Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ham Amerika tomoni vakili sifatida video aloqa orqali ishtirok etishi kutilyapti.
Bir kun avval Uitkoff va Kushner Osloda Ukraina Prezidenti hamda Yevropa mamlakatlari vakillari bilan suhbatlashib, Rossiya – Ukraina urushini tugatish yo‘llarini izlagan.
Muzokarada Ukraina uchun xavfsizlik kafolati, hududiy masala, sanksiya va urushdan keyingi Yevropa xavfsizligi tizimini shakllantirish masalalari ham muhokama qilingan.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb “sezilarli olg‘a siljish”ga erishilganini ta’kidladi.
Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore muloqotdan so‘ng AQSH maxsus vakili Vashington va Yevropa hamkorlari tomonidan tayyorlangan taklifni Putinga yetkazishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoff Rossiyaga borib, oliy darajadagi uchrashuv tashkil etilishiga ham ko‘maklashishi mumkin.
Ma’lumotga ko‘ra, Uitkoff RF yetakchisiga urushni tugatish bo‘yicha yangilangan reja taqdim etadi. Amerika tomoni bevosita Tramp, Putin va Zelenskiy ishtirokida uchrashuv tashkil qilishga erishishni ham ko‘zlayapti.
Oslodagi matbuot anjumanida Zelenskiy Ukraina qatnashmaydigan muzokaraga qarshi ekanligini ta’kidlagan.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA