Putin tinchlikka erishish imkoniyati borligini aytdi (+video)
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada tinchlikka diplomatik yo‘l bilan erishish imkoniyati bor, deb hisoblaydi. Ammo uning fikricha, urushni tugatish masalasida asosiy kelishuvni Rossiya va Ukraina to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari hal qilishi kerak. Boshqa davlatlar esa bu jarayonni qo‘llab-quvvatlashi va yordam berishi lozim. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
Putin, shuningdek, Rossiya va Ukraina maxsus xizmatlari o‘rtasida aloqa saqlanib qolayotganini aytdi. Ammo, bu aloqalar tinchlikka erishishga qanchalik yordam berishi mumkinligini aniq ayta olmasligini bildirdi.
U Ukraina tomonidan Qora dengizdagi transport kemalariga qilingan hujumlar va Kiyevning Rossiya havo hududini xavfli deb ataganini ham tilga oldi. Putinning fikricha, bunday holatlar Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini o‘tkazishni qiyinlashtirmoqda.
Shu kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Rossiya bilan muzokaralarni qayta boshlash ehtimoli haqida gapirdi. Uning aytishicha, yaqin vaqt ichida AQSH vakillari Kiyev va Moskvaga borishi mumkin. Bu uchrashuvlarda urushni tugatish va ehtimoliy tinchlik kelishuvi muhokama qilinadi.
«AQSH prezidenti vakillari Kiyevga kelishini kutyapmiz. Ulardan tasdiq ham oldik: uchrashuv Moskvada ham, Kiyevda ham bo‘ladi», — dedi Zelenskiy. U Kiyev AQSH vakillari bilan doimiy aloqada ekanini qo‘shimcha qildi.
Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralarini qayta boshlash masalasi avgust oyi oxirida Moskvaga AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Retkliffning yashirin tashrifidan keyin yana muhokama qilina boshladi. Tramp ma’muriyati vakili Rossiya tomoniga AQSH, Rossiya va Ukraina prezidentlari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish g‘oyasini taklif qilgan. Bu uchrashuvda urushni diplomatik yo‘l bilan tugatish masalasi muhokama qilinishi kerak edi.
Ammo bu xabarlar tarqalgandan keyin Donald Tramp yaqin vaqtda bunday uch tomonlama sammit o‘tkazish rejasi yo‘qligini aytdi. Ammo, Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin bunday uchrashuvga rozi bo‘lsa AQSH bu uchrashuvni tashkil qilishi mumkin.
Trampning fikricha, Ukrainada tinchlik o‘rnatishga asosiy to‘siqlardan biri — Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi shaxsiy kelishmovchilik. Tramp avval urushni «bir sutka ichida tugataman» deb va’da qilgan edi. Ammo uning aytishicha, Ukrainadagi vaziyat u o‘ylagandan ancha murakkab bo‘lib chiqdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Mp-4r_XKPX4?si=b_KG9NEr5yzfuaVR" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA