Milliy matbuot markazida “Turonbank” ATB tomonidan jismoniy shaxslarga taqdim etilayotgan xizmatlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, O‘zbekiston moliya bozorida 34 yildan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bugungi kunda Respublika bo‘yicha o‘zining 20 ta bank xizmatlari markazi va 60 dan ziyod ofislari orqali yuridik va jismoniy shaxslarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Joriy yilda tijorat banki fuqarolarning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish va yangi mahsulotlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha samarali ishlarni olib bordi.

—Joriy yilning 1 noyabr holatiga bankning jami kapitali 1 trillion 917 milliard so‘mni tashkil etdi, — deydi “Turonbank” ATB Chakana biznes departamenti direktor o‘rinbosari Saidamir Umarov. — Ayni shu davrda aktivlar 17 trillion 2 milliard so‘mga yetib, 6,7 foizga oshdi. Shuningdek, 2024 yil boshidan yuridik va jismoniy shaxslardan jalb qilingan depozitlar miqdori 5 trillion 097 milliard so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 9,4 foiz ko‘p demakdir. Jami kredit qo‘shilmalari esa 12 trillion 405 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 4,3 foizga o‘sdi.
Matbuot anjumani davomida Turonbank tomonidan jismoniy shaxslarga taqdim etilayotgan xizmatlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, 2024 yil boshidan “Turonbank” ATB tomonidan jismoniy shaxslarga umumiy hisobda 476,6 mlrd. so‘m miqdoridagi kreditlar ajratilgan. Ularning 130 mlrd. so‘mi 543 nafar mijozga ipoteka kreditiga, 142,6 mlrd. so‘mi 8 ming 515 nafar mijozga o‘zini-o‘zi band qilgan aholiga mikrokredit asosida, 66,5 mlrd. so‘mi 2 ming 780 nafar fuqaroga mikroqarz, 70,3 mlrd. so‘mi 510 nafar mijozga avtokredit, 21,5 mlrd. so‘mi 2 ming 141 nafar talabaga ta’lim krediti uchun va 44,2 mlrd. so‘mi 5 ming 658 nafar mijozga onlayn mikroqarzga rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, 1 noyabr holatiga “Turonbank” ATB tomonidan jismoniy shaxslar omonat qoldig‘i 1 trillion 577 milliard so‘m bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga o‘sdi. Buning natijasida mijozlarga qulay va manfaatli bo‘lgan milliy valyutada “Premium”, “Kelajak Poydevori”, “Ustuvor”, “Imkoniyat plus”, “Maksimum onlayn”, “Optimum” hamda xorijiy valyutada omonatlari taqdim etildi.
Qolaversa, naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va plastik kartochkalar emissiyasini ko‘paytirish bo‘yicha 2024 yilda 627 ming 871 dona milliy valyutadagi plastik kartochkalar muomalaga chiqarilgan bo‘lib, shundan 394 ming 544 donasi “UzCard” va 223 ming 327 tasi “Humo” tizimidagi plastik kartochkalar hisoblanadi. Shu bilan birga, 2 ming 192 ta “Visa” hamda 731 ta “MasterCard” xalqaro plastik kartochkalar ham fuqarolarga ochib berildi. Mazkur plastik kartochkalardagi pullarni naqdlashtirish, kirim qilish va boshqa amaliyotlar uchun butun respublika bo‘yicha 143 ta “UzCard”, 133 ta “Humo” va 62 dona valyuta ayirboshlash xususiyatiga ega bankomatlar ishlab turibdi.

Yana bir jihatni qo‘shimcha qilish lozim. “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda 2022 yilda bankning yangi “MyTuron” mobil ilovasi yangilangan talqinini ishlab chiqdi. Yangi dizayn, zamonaviy interfeys va ko‘plab bank xizmatlarini o‘zida jamlagan ilovani joriy yilning 1 noyabr holatiga 400 mingdan ortiq foydalanuvchi yuklab oldi va identifikatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi. “MyTuron” mobil ilovasida bir necha daqiqa ichida onlayn mikroqarz olish, “UzCard”, “Humo”, “Visa” va “MasterCard” plastik kartalariga buyurtma berish, “Humo Virtual” kartasini bepul ochish, turli to‘lovlarni amalga oshirish singari ko‘plab funksiyalar mavjud.
— Turonbank aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, qulay shartlardagi ipoteka kreditlarini ham taqdim etadi, — deydi “Turonbank” ATB Chakana biznes departamenti direktor o‘rinbosari Saidamir Umarov. — Birlamchi va ikkilamchi bozordan xonadon xarid qilish istagida bo‘lgan mijozlar uchun 10 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatga, yillik 17,5 foizdan boshlab hech qanday rasmiy daromadsiz 420 million so‘mgacha ipoteka krediti ajratilmoqda. Albatta, shartlar siz tanlagan uy va uning boshlang‘ich to‘loviga qarab o‘zgarishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova, ЎзА