“Turon” maktab teatri yangi iste’dodlarni kashf etmoqda
Shu kunlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Respublika “Kelajak markazi” tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi teatr studiyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali hududlarda teatr madaniyati va san’atini rivojlantirish maqsadida “Turon” maktab teatri respublika tanlovi tashkil etilyapti.
Xususan, mazkur tanlovning Toshkent viloyati bosqichi Olmaliq shahridagi “Metallurg” saroyida o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, teatr nafaqat san’at, balki hayot maktabidir. Unda o‘quvchilar o‘z ijodiy qobiliyatlarini namoyon etib, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, fikrlarini erkin ifoda etish san’atini o‘rganadi. Har bir sahna ko‘rinishi, har bir so‘z va harakat orqali ular ichki dunyosini kashf etadi va bu hayotda muvaffaqiyatli bo‘lishlari uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Joriy yilning 1-5-mart kunlari hududdagi barcha tuman va shaharlarda o‘tkazilgan tanlovda 946 ta jamoa va 7 ming 568 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Saralash bosqichlaridan 22 ta jamoa g‘oliblik uchun viloyat bosqichiga yetib keldi. Aytish joizki, “Turon” maktab teatri bugungi kunda o‘quvchilar uchun eng sevimli va foydali loyihalardan biri bo‘ldi. U nafaqat yoshlarning iqtidorini namoyon etadi, balki ularni ma’naviy jihatdan boyitib, kelajakka ishonch bilan qadam tashlashga undamoqda.

– Bugungi kunda “Turon” maktab teatri loyihasi o‘quvchilar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi Parkent tumanidagi 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabining maktab maslahatchisi Ilhomjon Mamatov. – Ayniqsa, musobaqalarning bosqichma-bosqich tashkil etilishi o‘quvchilarda raqobat ruhini oshirib, ularni yanada izlanishga undaydi. Tayyorgarlik jarayonida ular tajribali aktyor va aktrisalar bilan uchrashib, kerakli bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirdi. Shu bilan birga, o‘z kamchiliklarini tahlil qilib, ularni bartaraf etish ustida ish olib borilmoqda.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Ohangaron tumani 52-umumta’lim maktabining “Tamaddun” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Yuqori Chirchiq tumani 12-umumta’lim maktabining “Yuksalish” jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Chirchiq shahar 2-umumta’lim maktabining “Yangi o‘zbek jadidlari” jamoasiga nasib etdi.
Tanlov jarayonida “Kelajak markazi” tashabbusi bilan turli nominatsiyalar bo‘yicha ham ishtirokchi o‘quvchilar taqdirlandi.

Tadbirning tantanali taqdirlash marosimida Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, viloyat “Kelajak markazi” rahbariyati ishtirok etib g‘oliblarni samimiy muborakbod etdi hamda ularga diplom va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Mazkur tanlov o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida teatr san’ati, badiiy tafakkur, ijodkorlik, nutq madaniyati va sahna mahoratini rivojlantirish, shuningdek, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Endi viloyat sharafini respublika bosqichida Ohangaron tumani 52-sonli umumta’lim maktabining “Tamaddun” jamoasi himoya qiladi.
A. Musayev, O‘zA.