“Turon” maktab teatri tanlovida boysunliklar g‘olib bo‘ldi
Termiz shahridagi San’at saroyida “Turon” maktab teatri tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning tuman va Termiz shahri bosqichida g‘olib bo‘lgan 15 ta jamoa o‘zaro bellashib, o‘z mahoratini namoyish etdi. Taniqli san’atkorlardan iborat hakamlar hay’ati a’zolari san’atga mehr qo‘ygan o‘quvchilarning badiiy chiqishlari va ko‘rgazmalari bilan tanishdi. Har bir jamoa o‘z ta’lim muassasasini sahna ko‘rinishlari orqali namoyon etib, sahna madaniyati va aktyorlik mahoratini o‘ziga xos ijodiy yondashuvda yoritdi.


Tanlovning “Teatr – ibratxona” sharti doirasida 15 daqiqagacha davom etgan tarbiyaviy ahamiyatga ega sahna chiqishlari taqdim etildi. Ularda milliy va jahon adabiyotining sara asarlaridan foydalangan holda, yoshlar o‘z ijodiy salohiyati, sahna mahorati va badiiy fikrlashini yorqin ifoda etdi.

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan tanlovda faxrli birinchi o‘rinni Boysun tumanidagi 1-maktab jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Termiz tumani 1-maktab va uchinchi o‘rin Uzun tumanidagi 2-maktab jamoalariga nasib etdi.

G‘oliblar viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining esdalik sovg‘alari, barcha ishtirokchilar badiiy kitoblar jamlanmalari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA