Vatanimiz tarixidagi 13 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1421 yil (bundan 600 yil oldin) – hijriy 824 yil muharram oyining sakkizinchi kuni (milodiy 1421 yil 13 yanvarda) Mirzo Ulug‘bek Buxoro tomonlarda ovda yurgan mahali Samarqandda uning o‘g‘li Mirzo Abdurahmon dunyoga keldi. U rosa o‘n bir yoshga to‘lgan vaqti 1432 yil 15 yanvarda vafot etadi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, manbalarda Mirzo Ulug‘bekning to‘rt nafar o‘g‘li va ikki qizi bo‘lgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Mirzo Abdurahmonning dunyoga kelishini tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy o‘zining “Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo‘shilish joyi” asarida quyidagicha bayon etgan: “Beminnat ato etuvchi va xasislikdan forig‘ bo‘lmish bag‘ishlovchi hazrat (tangri taolo) janob Ulug‘bekka saodatmand farzand ato etdi: sakkizinchi muqarramda jahon yuzi uning dunyoga kelishi bilan sharaf topdi va xursandligu xurramlikka sabab bo‘ldi. Uning humoyun nomini mirzo Abdurahmon deb ataldi”.
1442 yil (bundan 579 yil oldin) – temuriylar hukmdori Shohrux mirzoning tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy boshchiligida Janubiy Hindistonga yuborgan elchiligi poytaxt Hirotdan yo‘lga chiqdi. Elchilik Eron zamini orqali Xurmuz bandargohi tomon yo‘l oldi. Mazkur elchilik 1444 yilning dekabrida Hindiston safaridan Hirotga qaytib kelgan. Bu elchilik safari bir oyi kam 3 yil davom etgan.
1832 yil (bundan 189 yil oldin) – Qo‘qon hukmdori Muhammad Alixon davrida Pekinda Qo‘qon–Xitoy o‘rtasida shartnoma imzolandi. Bu vaqtda Qo‘qon xonligi o‘z chegaralarini Xitoy ixtiyorida bo‘lgan Sharqiy Turkiston tomon tobora kengaytirish siyosatini davom ettirar, ayni paytda Xitoy moliyaviy qiyinchiliklar tufayli Qo‘qon xonligiga qarshi ochiqdan ochiq urush harakatlari olib borishga qodir emas edi. Qo‘qon xoni Muhammad Alixon nomidan shartnomaga uning elchisi A’lam pochcha imzo chekkan va Qur’oni Karimni ushlab qasam ichgan.
A’lam pochchaning Pekinda imperator Syanlun huzuriga borishi va Qo‘qon hukmdori Muhammad Alixon yozgan maktubni topshirishi haqida Qo‘qon muarrixi Tojirning “G‘aroyibi sipoh” (“Qo‘shin ajoyibotlari”) asarida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: “A’lam pochcha hoqonlik dargohiga kirib ta’zim bajo keltirdi. Hoqon ko‘rdiki, ajib bir baland bo‘yliq, ulkan jussaliq, olijanob va donishmand kishi turibdi. (Elchiga) joy ko‘rsatdilar. A’lam pochcha o‘tirib, falakrif’atlik xonning maktubini hoqonning qo‘liga topshirdi. Xoqon tilmochni chaqirib maktubni o‘qish uchun berdi. Tilmoch maktub muhrini ochib, boshidan oxirigacha o‘qidi”.
1925 yil (bundan 96 yil oldin) – yurtimizda o‘rta asrlardan beri ma’lum bo‘lgan “viloyat” ma’muriy-hududiy birligi “uyezd” deb yuritila boshlandi. Keyinchalik ruscha “oblast” nomi bilan qayta tashkil etildi. O‘zbek tili davlat tiliga aylanishi munosabati bilan tarixiy ma’muriy-hududiy birlik nomi sifatida “viloyat” so‘zi qayta tiklandi.
1936 yil (bundan 85 yil oldin) – mashinasozlik sohasidagi olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nosir Rashidov tavallud topdi (vafoti 2002 yil). U 1992–2002 yillarda Jizzax politexnika instituti rektori bo‘lgan. Nosir Rashidov ko‘p zvenoli traktorpoyezdlar ixtirochisi hisoblanadi.
1938 yil (bundan 83 yil oldin) – jurnalist, jamoat arbobi, o‘zbek davriy matbuotining asoschilaridan biri ellik sakkiz yoshli Ismoil Obidiy eserlar partiyasining sobiq a’zosi va yapon razvedkasining josusi sifatida qamoqqa olindi. U 1940 yil 9 fevralda Krasnoyar o‘lkasiga 5 yilga surgun qilindi. Bu uning hayotidagi uchinchi surgun edi. Biroq u oradan uzoq vaqt o‘tmasdan o‘sha yerda vafot etdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Ismoil Obidiy 1906 yilda Toshkent jadidlarining “Taraqqiy” gazetasini chiqardi. “Taraqqiy” tom ma’nodagi ilk milliy nashr hisoblanadi. Uning muharriri Ismoil Obidiy toshkentlik jadidlar o‘rtasida “Ismoil Taraqqiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan. “Taraqqiy”ning ilk soni chiqqan 27 iyun 1993 yildan buyon mamlakatimizda “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” sifatida nishonlanadi.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Aloqa to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 15 moddadan iborat.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Toshkentda Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil qilindi.
1998 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Alpomish» dostoni yaratilganligining 1000 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi