Joriy yilning 2-10 noyabr kunlari Istanbul shahridagi "TUYAP" ko‘rgazma va kongress markazida 41-xalqaro kitob ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Kitob ko‘rgazmasida 1000ga yaqin nashriyot, kitob-savdo tashkilotlari ishtirok etmoqda. Qariyb 10 kun davom etadigan ko‘rgazma doirasida 400 ga yaqin madaniy tadbirlar tashkil etiladi.

Shuningdek, kitobxonlar ishtirokchi davlatlardan 3000dan ziyod muallif bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Xalqaro kitob ko‘rgazmasida Ruminiya, Eron, Xorvatiya, Xitoy, Angliya va Rossiya davlatlari nashriyotlari o‘rtasida mualliflik huquqi bo‘yicha muhim shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston, Germaniya, Gretsiya, Shri-Lanka, Albaniya va Nigeriya davlatlari nashriyotlari uchun tashkil etilgan maxsus dizayn zonalarida uchrashuvlar o‘tkazish, muloqot qilish va o‘zaro tajriba almashish sharoitlari yaratilgan.
AOKA axborot xizmatiga ko‘ra, "Bolalik – bu bayram" (“Çocukluk Şenliktir!”) xalqaro kitob ko‘rgazmasi Turkiyadagi eng nufuzli adabiyot ko‘rgazmasi bo‘lib, "TUYAP Fair Group" kompaniyasi tomonidan 1982 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.
N.Usmonova,
O‘zA