Ancha oylardan buyon Qora dengizda minalar suzib yurgani haqida aytilayotgan edi. Masalan, RF xavfsizlik xizmati mart oyida Ukraina tomoni Odessa, Ochakov, Chernomorsk va Yujniy portiga kirish hududlariga taxminan 420 ta mina qo‘ygani haqida ma’lum qilgandi. Ushbu minalarning ayrimlari bog‘langan joydan uzilib, to‘lqin bilan birga Bosfor bo‘g‘ozi tomonga suzib ketgan bo‘lishi mumkin. Bosfor bo‘g‘ozidan O‘rtayer dengiziga o‘tish ehtimoli ham bor.
“Turkiya milliy mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Qora dengizda minalar xavfiga qarshi choralar ko‘rilgan. Qora dengizning g‘arbiy qismida minalarning harakati dengiz qo‘riqchi samolyotlari, vertolyotlar va uchuvchisiz o‘zi uchar qurilmalar orqali kuzatib borilmoqda, Shuningdek, dengiz qo‘riqchi kemalari ham navbatchilik qilmoqda. Maxsus topshiriqlar jamoasi (g‘avvoslar) tayyor holga keltirilgan”, – deb yozmoqda gazeta.
Xabarda aytilishicha, "kuzatuv faoliyati Ruminiya va Bolgariya harbiy-dengiz amaliyotlari markazi bilan muvofiqlashgan holda olib borilmoqda. Ushbu ikki mamlakat ham o‘zaro axborot almashib turibdi”.
26 mart kuni harbiy g‘avvoslar Bosfor bo‘g‘oziga kirish hududda uchta minani zararsizlantirgan edi.