Turkiyada qurol nazorati va xavfsizlik choralari keskin kuchaytiriladi
Turkiyadagi so‘nggi fojialardan so‘ng mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘qotar qurolga egalik qilish qoidalarini keskinlashtirish va maktablar xavfsizligini oshirish bo‘yicha yangi choralarni e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu qaror o‘tgan hafta davomida o‘lkadagi ta’lim muassasalarida sodir bo‘lgan ikkita fojiali otishma hodisasidan so‘ng, jamiyat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng bayonot bergan davlat rahbari maktablarda xavfsizlikni saqlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini alohida qayd etdi. Shu bois, nafaqat ta’lim dargohlarida nazorat kuchaytiriladi, balki o‘qotar qurol egalarining mas’uliyatini oshirish maqsadida qonunchilikka qo‘shimcha cheklovlar kiritiladi.
Bundan tashqari, hukumat raqamli makondagi xavfsizlikka ham alohida e’tibor qaratmoqchi: endilikda huquqni muhofaza qilish organlari internetdagi zararli va yolg‘on kontentlarga qarshi kurashish hamda kiberxavfsizlik imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ish olib boradi. Erdog‘anning so‘zlariga ko‘ra, bunday kompleks yondashuv fuqarolar xavfsizligini yuqori darajada kafolatlashga xizmat qiladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA