Turkiy musiqa va raqs an’analarini saqlab qolishga e’tibor yanada ortmoqda
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda International Council for Traditional Music and Dance (ICTMD)ning Turkiy dunyo musiqa va raqs an’analari bo‘yicha tadqiqot guruhi hamkorligida “Musiqa ta’limi: jahon miqyosida yagona maydon sari” xalqaro forumi doirasida “Turkiy musiqa va raqs an’analarini saqlab qolish, o‘rganish, targ‘ib qilish va rivojlantirishda oliy ta’lim muassasalarining roli” mavzusida xalqaro simpozium tashkil etildi.
Ushbu tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Vengriya, Kanada, Italiya, Rossiya, Yunoniston va boshqa mamlakatlardan yetakchi olimlar, etnomusiqashunoslar, ijrochilar, pedagoglar, raqs tadqiqotchilari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Anjuman etnomusiqashunoslik, musiqa ta’limi hamda turkiy dunyo an’anaviy madaniyatini tadqiq etish sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri hisoblanadi.
Simpozium globallashuv va madaniy makonning raqamli transformatsiyasi sharoitida turkiy xalqlarning musiqa va raqs an’analarini saqlash, o‘rganish, avlodlarga yetkazish hamda rivojlantirishda oliy ta’lim muassasalarining o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan. Uning doirasida “Turkiy musiqa va raqs an’analarini saqlab qolish, o‘rganish, targ‘ib qilish va rivojlantirishda oliy ta’lim muassasalarining roli” mavzusida xalqaro konferensiya, tadqiqotlar, kitoblar, arxiv materiallari, filmlar va multimedia loyihalari taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur simpozium turkiy musiqa va raqs an’analarini saqlab qolish, o‘rganish, targ‘ib qilish va rivojlantirishga doir ilmiy tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirish, bu borada tajriba almashish, ilmiy izlanishlar yakunlari bo‘yicha fikr va ma’lumot almashish, turkiy davlatlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Aytish joizki, International Council for Traditional Music and Dance tashkiloti YUNESKO bilan rasmiy maslahatlashuv maqomiga ega bo‘lgan nufuzli ma’rifiy tuzilmalardan biridir. Ushbu tashkilot jahonning turli hududlarida yo‘qolib borayotgan qadimiy kuylar, qo‘shiqlar va milliy raqslarni yozib olish, hujjatlashtirish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish ustida ish olib boradi. Shuningdek, etnomusiqashunoslar, raqs tadqiqotchilari va san’atkorlarni birlashtiradi, har ikki yilda xalqaro ilmiy konferensiyalar tashkil etadi. Tashkilot musiqa orqali dunyoda tinchlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib etadi.
Xalqaro simpoziumda turkiy musiqa va raqs an’analarini saqlab qolish, o‘rganish, targ‘ib qilish va rivojlantirishda oliy ta’lim muassasalarining roli, shuningdek, bu borada xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari batafsil muhokama qilinmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri