Raqs san’ati va an’analar: Xorazmda xalqaro forumga tayyorgarlik avjida
Ma’lumki, joriy yilning 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” III xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. E’tiborli jihati, mazkur yig‘in doirasida o‘tkaziladigan “Jahon madaniy taraqqiyotida raqs san’ati: an’ana va umumbashariy qadriyatlar” mavzusidagi nufuzli ilmiy-amaliy konferensiyaga ham tayyorgarlik ishlari avjida.

Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamkorligida tashkil etilib, unda Hindiston, Pokiston, Misr, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon kabi o‘ndan ortiq davlatlardan soha mutaxassislari va olimlar ishtirok etishi kutilmoqda. Konferensiya dasturidan raqs san’atining tarixiy-falsafiy ildizlari, “Lazgi” raqsining lingvokulturologik xususiyatlari hamda uning jahon madaniyatidagi o‘rnini tadqiq etuvchi 50 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar o‘rin olgan.
– Bugungi kunda anjumanning sho‘’ba yig‘ilishlarini yuqori saviyada tashkil etish va xorijlik mehmonlarni munosib kutib olish bo‘yicha so‘nggi tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda, -deydi tashkiliy ishchi guruhi a’zosi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozim Qosimov. – Bizning asosiy maqsadimiz - “Lazgi” raqs san’atini nafaqat milliy meros, balki bag‘rikenglik va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini ifodalovchi noyob fenomen sifatida dunyo ilmiy hamjamiyatiga keng tanishtirishdir.

Ikki kun davom etadigan ushbu xalqaro forum doirasida yalpi majlislar va ilmiy munozaralar bilan birga, “Lazgi” raqsining zamonaviy sahnaviy talqinlari hamda uning bolalar folkloridagi mifologik-estetik xususiyatlari ham muhokama qilinadi.
Bu yilgi konferensiya o‘zining geografiyasi va mazmun-mohiyati bilan alohida ajralib turadi. Hindiston, Pokiston va Misr kabi davlatlardan kelgan olimlar “Lazgi” va sharq klassik raqslari o‘rtasidagi tarixiy bog‘liqlikni tahlil qilsalar, Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘iston vakillari turkiy xalqlar madaniyatida raqs san’atining integratsiyalashuvi masalalarini muhokama qiladilar. Shuningdek, Rossiya, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Shvetsiyadan keladigan ekspertlar xalq raqslarining zamonaviy sotsiomadaniy jarayonlardagi o‘rni haqida ma’ruzalar qilishi kutilmoqda.
Asror Allayorov,
jurnalist