2025 yil 22 may kuni Turkiyaning Anqara shahrida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotining I-s’ezdi bo‘lib o‘tdi.
S’ezdni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkiloti prezidenti Qudratilla Rafiqov olib bordi.
– Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkiloti, Turkiya qonunchiligi talablariga ko‘ra, yuridik shaxs sifatida rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyingi birinchi s’ezdda ishtirok etyapmiz, – dedi Q.Rafiqov o‘z so‘zida. – Mazkur tashkilotning ta’sis etilishi jahon kasaba uyushmalari harakati tarixida katta ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Albatta, biz e’tirof etishimiz lozimki, kasaba uyushmalari sohasidagi bu hamkorligimiz davlatlarimiz rahbarlari sa’y-harakatlari bilan mamlakatlarimiz o‘rtasida vujudga kelgan strategik hamjihatlikning amaliy ifodasi, desak aslo yanglishmagan bo‘lamiz.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida amaliy hamkorlik bo‘yicha samarali natijalarga erishilishida O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari ham muhim o‘rin tutayotganini alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, O‘zbekiston yetakchisi ilgari surayotgan “Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik hamda qardoshlik to‘g‘risida”gi bitim xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, bizni juda katta tarix, bebaho umumiy meros birlashtirib turadi. Biz dunyo tamaddunlariga, tarix sahnasidagi olamshumul o‘zgarishlarga egalik qilgan bir ulug‘ chinormiz, desak, bu fikrimizni kim ham inkor eta oladi, deysiz.
Qalblarimiz mudom g‘ururga to‘ladiki, dunyoda davlat va imperiyalar qurishda, ilm va tafakkur olamida turkiy ajdodlarimizning oldiga tusha oladigan na bir xalq, na bir millat bor! Albatta, bu bizning kuchimiz, aqlu zakovatimizni belgilaydigan tarixiy faktdir.
Turkiy davlatlar tashkilotining Anqara shahrida o‘tgan avvalgi majlisida qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning quyidagi ulug‘ da’vatini eslagan edik:
Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla – yanada yuksalgaysan!
Biz bugun o‘sha mutafakkir bobomizning niyatini amalga oshirmoqdamiz. Va bu yo‘lda yuksalish odimlarimiz ham yildan-yilga o‘z salobati bilan tobora bo‘y ko‘rsatmoqda.
Umuman olganda, turkiy dunyoning barcha ulug‘lari, mutafakkirlari, oydinlari xalqlarimiz birligini mudom orzu qilib o‘tishgan. Xususan, turkiy nazm sultoni Alisher Navoiy ijodida bunga juda ko‘p misollar bor. Ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyni olasizmi, qozoq yozma adabiyotining asoschisi, ma’rifatparvar shoiri Abay asarlarini o‘qiysizmi, yigirmanchi asr turkiy adabiyotining katta ustunlaridan biri, ulug‘ qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov asarlarini ko‘rasizmi, ularning har birida turkiy xalqlar an’ana va qadriyatlariga sadoqatni ko‘ramiz, ularning har birida qalban shu betakror tarixiy merosni chuqur zehniyat bilan zamonga singdirish istagi barq urib turadi.
Bundan bir asr muqaddam buyuk turk farzandi, Turkiya Respublikasi asoschisi va birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk turkiy millatlar qaramlikdagi millatdoshlarning erkinlikka chiqishining bosh sharti ma’naviy ko‘priklar orqali amalga oshishini bashorat qilgani esingizdami?
Ha, Otaturk janoblari aytgandek bo‘lyapti ham: Biz til ko‘prigi, iymon ko‘prigi va tarix ko‘prigiga suyanib olg‘a yurmoqdamiz.
Davr har bir mamlakat oldiga biri-biridan yechimi mushkul bo‘lgan talablarni ro‘baro‘ qilmoqda. Dunyoning qaysidir burchagida bo‘lib o‘tayotgan qurolli nizolar boshqa bir mintaqada yashaydigan mamlakatlarga ham bevosita va hech bo‘lmaganda, bilvosita o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganiga guvohmiz.
Shu ma’noda o‘sha nizolar va qurolli to‘qnashuvlarni emas, hamjihatlik, hamkorlik, ezgu maqsadlar yo‘lida birlashish ishtiyoqi va niyati bizga muborak bo‘lsin!
S’ezdda tashkilotga a’zo besh davlat – O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjondan 40 nafar delegat ishtirok etdi.
Tadbirda faxriy mehmon sifatida Turkiy davlatlar Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim ham qatnashdi.
S’ezdda tashkilot Ustaviga o‘zgartishlar kiritish, Ijroiya qo‘mitaga vakolatlar berish, tashkilotning rahbar organlarini saylash kabi muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Turkiya qonunchiligiga muvofiq yashirin ovoz berish orqali o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotining faxriy prezidenti etib O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, tashkilot prezidentligiga “TÜRK-İŞ” Turkiya kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi rahbari Ergun Atalay saylandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkiloti Ijroiya qo‘mitasi Taftish komissiyasi raisligiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev, shuningdek, Ijroiya qo‘mita a’zoligi zaxirasiga Federatsiya Malaka oshirish instituti rektori Erkin Umaraxunov, Bosh kotib o‘rinbosarligi zaxirasiga Sanator-kurortlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Ahmedov hamda Taftish komissiyasi a’zoligi zaxirasiga Federatsiya raisining o‘rinbosari Anvar Abdumuxtorovlar saylanishdi.
S’ezdda Ergun Atalay, Sahib Mamedov, Satibaldi Dauletalin, Murodil Jumadilde uulu va Binali Yildirim so‘zga chiqib, turkiy hamkorlikni mustahkamlash, umumiy qadriyatlar va strategik maqsadlar, ijtimoiy-iqtisodiy mehnat huquqlarini ta’minlashni kengaytirish borasida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Shu bilan Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotining I-s’ezdi o‘z ishini yakunladi.
A.Suyunov tayyorladi, O‘zA