Turkiy davlatlar hamkorligi – istiqbolli yo‘nalish
O‘zA suhbatdoshi - Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, falsafa fanlari doktori Murodulla Mirzayev Turkiy davlatlar hamkorligi, jumladan, O‘zbekiston – Turkiya – Ozarbayjon munosabati xususida fikr yuritadi.
– Joriy yil 2 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo hamda transport vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ushbu muloqotning xalqaro munosabat va global iqtisodiyotda yuz berayotgan jarayon nuqtai nazaridan o‘ta dolzarb ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining shu yil 15 avgust kungi telefon orqali suhbatida O‘zbekiston – Turkiya aloqasini yanada mustahkamlash, keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlik bo‘yicha fikr almashildi.
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonning savdo aylanmasi Ozarbayjon bilan yetti barobar, Turkiya bilan ikki yarim barobar ko‘paygani ko‘zlangan maqsad va mavjud salohiyatga to‘liq muvofiq kelmasa-da, bu borada erishilayotgan sezilarli o‘sishdan dalolat.
Ta’kidlash kerak, O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon hamkorligi mushtarak tarix va madaniyat bilan chambarchas bog‘liq. Ta’bir joiz bo‘lsa, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklashga qaratilgan sa’y-harakat orqali turkiy dunyoni azaliy negiziga qaytarish nazarda tutilgan.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif, tashabbuslar ishlab chiqildi. Yig‘ilish yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Bunday tadbirlar turkiy davlatlarning o‘zaro manfaatli sherikligini yangi bosqichga olib chiqishi bilan e’tiborga loyiq. O‘tgan asr 90-yillarigacha, hatto, orzu ham qilib bo‘lmaydigan turkiy xalqlar birligi ro‘yodan haqiqatga aylanganiga guvohmiz. XX asr boshida xalqaro miqyosda sodir bo‘lgan buyuk o‘zgarishlar silsilasida yuzaga kelgan ob’ektiv va sub’ektiv murakkablikka qaramasdan, kelajakni ko‘ra olgan, bir kun kelib birligimiz qaror topishiga umid bog‘lagan, mustabid imperiyalarning muqarrar parchalanishini bashorat qilgan yetakchilar mushtarak tariximizda bisyor: Turkiyada – kamolchilar, O‘zbekistonda – jadidlar, Ozarbayjonda – Mexmet Emin Rasulzoda boshchiligadagi vatanparvarlar.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda turkiy davlatlar orasidagi o‘zaro aloqa har tomonlama mustahkamlanmoqda. Bunda Turkiyaning ichki va tashqi siyosiy holati muhim o‘rin tutadi.
Iqtisodiy jihatdan shiddat bilan rivojlanish, murakkab xalqaro munosabatda siyosiy nuqtai nazardan olib borilayotgan barqaror siyosat, jamiyat hayoti demokratlashuvi Turkiyani nafaqat musulmon olamida, balki barcha rivojlanayotgan mamalakatlar, xususan, turkiy davlatlar uchun ham iqtisodiy-siyosiy rivojlanish modeli sifatida namoyon etmoqda. Shu imkoniyatdan foydalanib, Turkiya o‘z siyosiy ambitsiyasini to‘g‘ri ma’noda o‘ziga yaqin mamlakatlarga yoya boshladi. Taraqqiyotning asosiy tamali - iqtisodiy va siyosiy tizimga putur yetkazmaslik va vaziyatni barqaror ushlab turish, yon-atrofdagi siyosiy jihatdan beqaror mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqa o‘rnatish, shuningdek, Yevropa va Osiyo, Shimol va Janub o‘rtasidagi siyosiy-geografik pozitsiya tufayli to‘qnashuvdan saqlanish maqsadida o‘z zamonaviy tashqi siyosiy konsepsiyasini ishlab chiqdi va muvaffaqiyatli tatbiq etib boryapti.
O‘zbekiston – Turkiya munosabati oxirigi besh yilda jadal rivojlanmoqda. 2022 yil mart oyidagi tashrifi chog‘ida Turkiya Prezidenti Rejep Toyyib Erdo‘g‘on respublikamizda kuzatilgan muvaffaqiyatli islohotlarni qo‘llagan holda, ikki davlat qardoshligini yanada mustahkamlashga harakat qilishini ta’kidlagan edi. Davlatlarimiz o‘rtasida, nisbatan, murakkab jarayon bilan tavsiflanadigan diplomatik aloqa o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan umumiy tarix, til, madaniyat, e’tiqodga ustuvorlik berilgani bejiz emas.
O‘zbek – turk munosabatining yangi bosqichi 2019 yil O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar Hamkorligi Kengashiga a’zo bo‘lgani bilan izohlanadi. Mazkur Kengashning VII sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “asrning uchinchi loyihasi” nomini olgan “Boku – Tbilisi – Kars” yangi temir yo‘li salohiyatidan samarali foydalanish zaruratini bayon etgandi. Ayni payt mamlakatimiz O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Gruziyani Turkiya transport tarmog‘i bilan bog‘laydigan Navoiy – Turkmanboshi – Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘l koridoridan foydalanishdan manfaatdor ekani ham qayd etilgan. Mazkur yo‘nalish O‘zbekistonga Turkiyaning Mersin porti orqali O‘rta yer dengiziga chiqish imkonini beradi.
Toshkent va Anqara strategik sherik sifatida tobora chigallashib borayotgan afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish fikrida ham yakdil.
Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan munosabatimiz yanada yaxshilanishiga shubha yo‘q. Shu bilan birga turkiy davlatlar integratsiyasi biz o‘ylagandek oson rivojlanmasligini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Markaziy Osiyo dunyoning yirik davlatlari, xususan, Rossiya geosiyosiy manfaati markazidagi mintaqa ekani sir emas. Shu bois turkiy davlatlarning integratsiyalashuvi ayrimlarni tashvishga solishi tabiiy.
Ba’zi davlatlarda Markaziy Osiyo markazi hisoblangan turk mamlakatlari yaqinlashuvi ayirmachilik, davlatchilik zaiflashuvi bilan xavfliligi haqida bong urayotganlar ham yo‘q emas. Shu nuqtai nazardan Turkiy davlatlar tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabat o‘rnatish barobarida mintaqa barqarorligiga tahdid soluvchi har qanday xavfni birgalikda bartaraf etish masalasi ham tuzilma kun tartibida turadi.
2020 yil oktyabrda O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida imzolangan bitim bunga misol bo‘la oladi. Salohiyati nuqtai nazaridan yetakchi hisoblangan O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon ishtirokida qad rostlayotgan Turk dunyosi konsepsiyasi qanchalik tanqid qilinganiga qaramay, turkiy xalqlar birligi yanada rivojlanishi va gullab-yashnashiga qaratilgan keng ko‘lamli integratsion tadbir ekani aniq.
Ozarbayjon haqida so‘zlaganda mamlakatda amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishni qayd etmasdan iloj yo‘q. So‘nggi o‘n yillikda asosiy eksport tomiri hisoblangan Boku – Tbilisi – Jayhon neft va Boku – Tbilisi – Erzurum gaz quvurlari ishga tushirilgan. Keyingi besh yil ichida iqtisodiy va energetika loyihalari natijasida Ozarbayjon uzoq va muvaffaqiyatli ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarish yo‘lini bosib o‘tdi. Mamlakat iqtisodiyoti 2.6, sanoat ishlab chiqarishi 2.5 barobar o‘sdi, 770 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi, qashshoqlik darajasi 49 foizdan 13.2 foizga kamaydi, byudjet xarajati esa 12 karra oshdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi 1996 yil 27 mayda imzolangan “Do‘stlik va hamkorlik haqida”gi shartnomada belgilangan. Ikki davlat o‘rtasida bugunga qadar hammasi bo‘lib 150 ga yaqin hujjat imzolangan. 2022 yil holatiga ko‘ra, yurtimizda Ozarbayjon ishtirokidagi 178 kompaniya faoliyat yurityapti.
Shu yil mayda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi delegatsiyasi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi uchinchi Konferensiyasida qatnashish uchun Ozarbayjonga rasmiy tashrif uyushtirdi. Safar chog‘ida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Parlamentlararo aloqani faollashtirish, muayyan sohalar kesimida tajriba almashishga qaratilgan bu uchrashuv O‘zbekiston va Ozarbayjon do‘stligi yangi bosqichga ko‘tarilganidan darak beradi.
Muxtasar aytganda, Turkiy davlatlar orasida kuchli iqtisodiy hamda siyosiy salohiyatga ega bu uch davlat rahbarlari sa’y-harakati bilan o‘rtadagi munosabat borgan sari yaxshilanmoqda, konstruktiv mazmun kasb etmoqda. Qabul qilingan hujjatlar doirasida tegishli vazirlik, idoralar rahbariyat tomonidan zimmalariga yuklangan ko‘rsatmalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rishga kirishgan.
O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasidagi ta’lim hamkorligi ham diqqatga sazovor. Mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotning turli jabhalari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida olib borayotgan harakat davlatlararo ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
2022 yil yanvar oyida ko‘hna Samarqandda O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zver Samarqand davlat universiteti Turkiyada yetakchi hisoblangan Anqara, Istanbul, Egey, Marmara universitetlari bilan hamkorlik qilib kelayotgani, mazkur oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilayotgani, ta’lim sohasiga oid ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotgani, eng muhimi bu boradagi ishlar izchillik kasb etgani haqida fikr bildirdi.
O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim muassasalari rektorlari o‘zaro suhbat chog‘ida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish, birgalikda turli sohalar bo‘yicha ilmiy izlanish olib borish yuzasidan kelishib oldi.
O‘zbekiston hamda Ozarbayjon xalqlari madaniyati va san’atining tarixan shakllanishi va taraqqiy etishida ham mushtarak jihatlar ko‘p. Ozarbayjonda akademik va milliy musiqa sohasidagi ta’lim Boku musiqa akademiyasi hamda Ozarbayjon davlat konservatoriyasida olib boriladi. Ta’lim sohasining san’at yo‘nalishida yuzaga kelgan bu tajriba O‘zbekistonda ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ayni yo‘nalishdagi ta’lim O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa institutida olib borilyapti.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ham birgalikdagi faoliyat keng yo‘lga qo‘yilgan. Muassasada 1990 yil “Oltoyshunoslik” nomi bilan tashkil etilgan turkiy tillarni o‘rganish kafedrasi 1991 yildan “Turkiy tillar”, deb atala boshladi, 2020 yil kafedraga Turkshunoslik fakulteti maqomi berildi. Fakultet Turkiya tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlashni maqsad qilgan holda faoliyat olib bormoqda.
Universitet Kengashining 2020 yil 15 maydagi qarori bilan Turkologiya fakulteti tarkibida “Turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti” kafedrasi tashkil etildi. Kafedra faoliyatiga Turkiya tarixi va madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining tarixiy bosqichi, iqtisodiyoti va moliya tizimi, mamlakatning innovatsion siyosati, modernizatsiya jarayoni, Turkiyaning rivojlanish modeli, ichki va tashqi siyosati, xalqaro va mintaqaviy munosabatlardagi o‘rni, jahon siyosiy jarayonidagi faol ishtiroki kabi yo‘nalishlar asos qilib olingan.
O‘ylaymizki, uch tomonlama hamkorlik kelgusida ijobiy samarasini beradi. Mushtarak madaniyat, til, urf-odat va qadriyatlar qayta tiklangan davlatlararo munosbat doirasida yangi mazmun kashf etiladi.
Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.
O‘zA