Turizmda zamonaviy Rent Car xizmatlari rivojlantiriladi
O‘zbekistonda sayyohlar uchun yanada qulay, xavfsiz va zamonaviy turizm muhitini yaratish maqsadida avtomobillarni ijaraga berish (Rent Car) xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha muhim tashabbuslar muhokama qilindi.
Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov rahbarligida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, sug‘urta tashkilotlari hamda avtomobil ijarasi xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda Rent Car xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish va xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan takliflar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, ijaraga berilgan avtomobillar bo‘yicha jarimalar va huquqbuzarliklarni hisobga olish tizimini takomillashtirish, davlat idoralari o‘rtasida raqamli ma’lumot almashinuvini kengaytirish, xorijiy fuqarolar uchun transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, elektromobillar uchun quvvatlash infratuzilmasida xalqaro to‘lov tizimlarini joriy etish, avtomobil ijarasi kompaniyalari uchun maxsus sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish, avtostansiyalarni ekologik toza va zamonaviy transport vositalari bilan kengaytirish hamda ularni imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Turistik hududlarda avtokempinglar va kemperlar uchun maxsus to‘xtash joylari hamda servis nuqtalarini tashkil etish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu tashabbuslar amalga oshirilishi natijasida mahalliy va xorijiy sayyohlar mamlakat bo‘ylab yanada erkin, qulay va xavfsiz sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, raqamli xizmatlarning kengayishi, xalqaro to‘lov vositalarining joriy etilishi va xizmatlar sifatining oshishi O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA