Turizm taraqqiyotga xizmat qilmoqda
Qashqadaryo viloyatida ham sayyohlik infratuzilmasini izchil rivojlantirish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari, transport kommunikatsiyalari barpo etilayotir. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilib, servis xizmati tubdan yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston o‘zining fusunkor tabiati, qadimiy va boy tarixi, noyob me’moriy obidalari, betakror milliy qadriyatlari bilan xorijiy sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhiti, xalqimizga xos mehmondo‘stlik, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari, yuksak sifatli xizmat sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.Qashqadaryo viloyatida ham sayyohlik infratuzilmasini izchil rivojlantirish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari, transport kommunikatsiyalari barpo etilayotir. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilib, servis xizmati tubdan yaxshilanmoqda.
– Viloyatda turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha vakili O‘ktam Xo‘jayorov. – Buyuk ipak yo‘lida joylashgan vohaning muqaddas qadamjolari, qadimiy obidalari, boy madaniy merosi sayyohlarni jalb etadi. Qarshi shahridagi Odina, Ko‘kgumbaz, Qashqadaryo ko‘prigi, Shahrisabzdagi Oqsaroy madaniy yodgorligi, Kitob tumanidagi Hazrati Bashir, dengiz sathidan 4 ming 145 metr balandlikda joylashgan Hazrati Sulton ota, Qamashi tumanidagi Langar ota ziyoratgohi kabi yodgorliklar xalqimiz tarixining buyukligidan dalolat berish bilan birga, viloyatda turizmni yanada rivojlantirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu madaniy meros obyektlari bilan tanishish, vohaning betakror tabiatidan bahramand bo‘lish uchun bu yerga keluvchi sayyohlar yildan-yilga ko‘paymoqda. O‘tgan yili viloyatga kelgan qariyb 66 ming sayyohning 5 mingdan ortig‘i xorijliklardir.
Prezidentimizning 1999-yil 30-iyundagi “O‘zbekistonda turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, madaniy meros obyektlarini konservatsiya va restavratsiya qilish, obodonlashtirish, sayyohlar uchun ommaviy ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish, mehmonxonalar barpo etish, yo‘llar, yo‘l bo‘yi va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash, sayyohlar uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatda 27 turistik tashkilot va mehmonxona xo‘jaliklari mahalliy hamda chet ellik sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Qarshi shahrida “Sarbon LTD” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 30 o‘rinli yangi mehmonxona, “Eris komfort” xususiy korxonasiga qarashli 25 o‘rinli mehmonxona ishga tushirildi.Shahrisabz shahridagi Oqsaroy, Dor ut-tilovat, Dor us-saodat majmualari bo‘ylab turistlarni ekskursiyaga olib chiqadigan 4 elektromobillar harakati yo‘lga qo‘yilgan.
– Mehmonxonamiz 80 o‘rinli bo‘lib, bu yerda sayyohlar uchun barcha qulaylik yaratilgan, – deydi Shahrisabz shahridagi “Shahrisabz yulduzi” mehmonxonasi rahbari Otabek Ergashev. – Shahrimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari tufayli bu yerga keluvchi sayyohlar safi yildan-yilga kengaymoqda. O‘tgan yilning birinchi choragida sayyohlarga qariyb 93 million so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 166 million so‘mdan oshdi.
Viloyatda ichki turizm, xususan, qishloq joylarda turizm va turistik xizmatlarni rivojlantirish, yangi turistik yo‘nalishlar ishlab chiqish, tarixiy-arxeologik bog‘lar, avtomagistrallar, servis xizmati ko‘rsatish majmualari barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududning tarixiy boy va so‘lim maskanlarini keng targ‘ib qilish, betakror me’morlik obidalarini qamrab olgan 5 maxsus sayyohlik yo‘nalishi xorijlik va mahalliy sayyohlarga manzur bo‘lmoqda. Dasturga muvofiq, amalga oshirilishi belgilangan loyihalar samarasida viloyatga keluvchi xorijiy sayyohlar soni o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar oshishi kutilmoqda. Yilning o‘tgan davrida turizm xizmatlari hajmi 2,2 milliard so‘m, eksport xizmatlar hajmi 122,6 ming dollarni tashkil etdi.
Ayni paytda viloyatning har bir tumanida bittadan, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida 4 tadan yangi turistik korxonalar tashkil etilayotgani, Qarshi – Samarqand, Qarshi – Buxoro, Qarshi – Termiz, Qarshi – Xorazm yo‘nalishlari bo‘ylab yangi sayyohlik yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilayotgani soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.
Sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, yurtimiz haqidagi tasavvurlarini boyitish soha xodimlaridan yuksak bilim va malaka talab etadi. Shu maqsadda “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi tomonidan turistik korxonalar rahbarlari, turoperatorlar, oshpaz va mehmonxona xizmatchilari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari, seminarlar o‘tkazilayotir.