Turizm rivojidagi muzokaralar
Andijonda Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikalarining 40 dan ortiq turistik tashkilotlari vakillari ishtirokida uchrashuv hamda B2B shaklda muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati turizm boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Andijonda turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
– O‘tgan 2025-yilda viloyatga jalb etilgan xorijiy turistlar soni 459 ming 500 nafarni tashkil etib, turizm xizmatlari eksporti 135 million dollarga yetkazilgan. Joriy yilda esa viloyatga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 470 ming nafarga, mahalliy turistlar sonini 1 million 800 ming nafarga, turizm xizmatlari eksporti hajmini 140 million AQSH dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Hozirda bu boradagi ishlar reja asosida olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-mart oylarida viloyatga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 82 ming 700 nafarni, mahalliy sayyohlar esa 223 ming 200 nafarni tashkil etib, turizm xizmatlari eksporti 30 million 730 ming AQSH dollarga yetkazildi, – deydi Andijon viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Shamsutdinov.


Uchrashuvda viloyatning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, Andijon hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, yangi turistik yo‘nalishlar tashkil etish, sayyohlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Mehmonlar Andijon viloyatining diqqatga sazovor maskanlari – Andijon shahridagi Jome me’moriy majmuasi, Markaziy dehqon bozori, Andijon shahridagi 24/7 rejimida faoliyat yuritayotgan ko‘chalar hamda qator turistik ob’ektlarda ham bo‘lishdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari