Turizm rivoji – taraqqiyot omili
Bugun jadallik bilan kechayotgan raqamlashuv jarayoni “yangi iqtisodiyot”ni shakllantirmoqda. Yetakchi davlatlarda raqamli iqtisodiyotni joriy etishga allaqachon kirishilgan. Jahon iqtisodiyotining globallashuvi va texnologiyalarning rivojlanishi sharoitida yurtimizning iqtisodiy taraqqiyotiga raqamli iqtisodiyotni rivojlantirmasdan erishib bo‘lmaydi.
Mazkur jarayon turizm sohasini ham chetlab o‘tmadi. Bu borada xalqaro tajribani qo‘llagan holda sohani yanada rivojlantirish ustuvor maqsadga aylanmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida turizmni rivojlantirish: jahon tajribasi va milliy ustuvorliklar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan onlayn konferensiya ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Konferensiyada yurtimizda milliy turizm modeli rivojlanishining shart-sharoitlari va omillari haqida batafsil fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, turizmning raqamlashtirilishi, pandemiyaning turizm sohasi rivojiga bo‘lgan salbiy ta’siri, uni bartaraf etish choralari haqida so‘z yuritildi. Anjumanga kelib tushgan yo‘nalishlarga oid dolzarb mavzulardagi maqolalar soha rivoji uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.
N.Usmonova
O‘zA